1,8 mlrd so‘mlik narkotik, Dubayda umrbod qamalgan 8 o‘zbek va Rossiyadan tahdidlar – Hafta tahlili
Tahlil
−
25 yanvar 2764 16 daqiqa
Fuqaro uyidan 1,8 mlrd so‘mga teng bo‘lgan narkotik moddalar topildi. Dubayda 8 ta o‘zbekistonlik bir umrga qamaldi. Rus propagandistlari yana O‘zbekiston mustaqilligini tan olmasligini aytib chiqdi. Andijonda katta miqdordagi pullarni talon-taroj qilishda ayblanib, 7 yilga qamalgan sobiq amaldorning jazosi yengillashtirilib, u ozodlikka chiqdi. Ruslan Chagayev Valuyevga zarba berdi, bu safar gap bilan! O‘zbekistonda yana bir jurnalist qamaldi, 2 tasi qo‘lga olindi
Xalqimiz kreativ. Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar bo‘limini bir marta bo‘lsa ham o‘qigan bo‘lsangiz buni juda yaxshi bilasiz. Noodatiy gaplar, g‘alati ta’riflar, xullas fantaziyalar juda erkin qo‘yib yuborilgan. Hatto bu jihat jinoyat olamini ham chetlab o‘tmagan. Nomlarni eshiting. “Shayton”, “Mulla”, “Jommi Darital”, “Malish” va “Rasul qilich”. Eshitayotganlaringiz alohida tanlangan laqablar. Uni o‘zini “ko‘cha” deb biluvchi shaxslar yo o‘zi tanlab olgan, yoki gumashtalari ulardagi qaysidir xislatlar sabab shunday atagan. Biz esa bu nomlarning ayrimlarini shu hafta e’lon qilingan jinoyatlar tafsiloti orqali bilib oldik.
“Jommi Darital” laqabi bilan tanilgan 30 yoshli fuqaro shaxsiy o‘lchovlariga ko‘ra o‘zini Urganch shahar markaziy dehqon bozori hududining egasi deb bilgan. O‘tgan-ketganlarni yo‘lini to‘sib, urib, pullarini olish uning asosiy ishi bo‘lgan. Shunday qilmishlaridan biri natijasida u qo‘lga olindi.
Yana bir holat qahramoni esa Bog‘ot tumanida yashovchi, “Malish”. Avval ham bezoriligi uchun sudlangan 29 yoshli fuqaro sportning boks turi bilan shug‘ullanib kelayotganini katta ringlarda emas, do‘stining uyida ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan. U o‘zidan 1 yosh kichik tanishining uyiga bostirib kirib, o‘zaro tortishuvni mushtlashuvga aylantirgan.
“Rasul qilich” laqabli kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi xivalik fuqaro esa o‘ziga tanish haydovchini ta’qib qilib, katta yo‘lning o‘rtasida mashinani to‘xtatib, uni do‘pposlagan. Bu vaqtda mojaroni ajratish uchun kelgan erkakni ham kaltaklangan.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondorlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
O‘zi umuman, bu haftada jinoyat qilgan yoki anchadan beri qilib kelayotganlarning anchasi ushlandi. Garchi o‘tgan yillardagidek “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, DXX va IIV xodimlari tomonidan viloyatlar miqyosida ham katta-kichik tadbirlar tashkil etildi.
Natijada Sergeli hamda Chilonzor tumanlarida o‘qotar qurollar, ov qurollari va o‘qdorilarni xonadonida saqlab kelayotgan hamda boshqalarga sotishga uringanlar aniqlandi. Mirzo Ulug‘bek tumanida esa 4 nafar shaxs 2 nafar fuqaroni urib, ularning 500 AQSH dollarini tortib olgan.
Sirdaryoda esa narkolaboratoriya tashkil etgan 24 yoshli “kimyogar” ushlangani ma’lum qilindi. U telegram kanallari orqali o‘z mahsulotlarini sotgan, hatto yetkazib berish xizmatini ham yo‘lga qo‘ygan. Uning “ishxonasidan” 1,8 mlrd so‘mga teng bo‘lgan moddalar topilgan.
“O‘xx-o‘o‘, namuncha bu hafta jinoyatlar ko‘p” degan fikr xayolingizga kelgandir, ehtimol. Yodingizda bo‘lsa, DXX raisi narkojinoyatlar soni ham, bu jinoyatni qilayotganlar ham 2 baravarga ortganini ma’lum qilgan edi. Joriy yil 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z olgan general-polkovnik Bahodir Qurbonov yoshlar jinoyati haqida ham ma’lumot bergan edi.
“Sintetik vositalar voyaga yetmaganlar, ayniqsa, 14-25 yoshdagilar orasida ommalashmoqda. Xavotirlisi, organizmda unga nisbatan qaramlik iste’moldan so‘ng qisqa muddatga vujudga keladi”, deydi DXX raisi.
Yodingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 26 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida bundan buyon ham mamlakatda o‘zini qonundan ustun qo‘ygan, tadbirkorlarga bosim qilib, ularning biznesini egallab olishga harakat qilayotgan jinoiy to‘dalarning faoliyatiga nuqta qo‘yishga davlatning kuch-qudrati yetishini aytgandi. Jinoyatga qarshi kurash 2026 yilda ham faol davom ettirilib, nafaqat mamlakat ichidagi, balki xorijdagi jinoiy guruhlar bilan ham jiddiy shug‘ullanilishi ma’lum qilindi
Dubayda 6 nafar O‘zbekiston fuqaro o‘limga hukm qilindimi?
2025 yil Dubayda 2 nafar o‘zbekistonlik o‘limiga sabab bo‘lgan janjalni eslasangiz kerak. BAA ning eng nomdor shahrida o‘zbeklardan iborat ikki jinoiy guruhning to‘qnashuvi pichoqbozlik bilan yakunlangan edi. Buning oqibatida 15 nafar pasportida O‘zbekiston fuqarosi ekani yozib qo‘yilgan shaxslar hibsga olindi.
Joriy yilning 22 yanvar kuni esa BAA OAVlari mazkur ish sudda ko‘rib chiqilgani va 6 nafar o‘zbekistonlik o‘limga hukm qilingani haqida ma’lumot berdi. O‘zbekistonda shov-shuvga sabab bo‘lgan bu vaziyat yuzasidan QALAMPIR.UZ Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov bilan bog‘landi. U esa o‘lim hukmi haqidagi xabarni rad etib, 8 nafar O‘zbekiston fuqarolariga umrbod va 1 nafar shaxsga 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganini ma’lum qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda tegishli idoralar va diplomatik vakolatxonalar tomonidan vaziyatni to‘liq o‘rganish hamda O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
“Katta xolasini uyimidiki, bunaqa ish qiladi”, degan hamyurtlarimiz ko‘p bo‘ldi. Rostdan ham so‘nggi paytlarda O‘zbekiston imidjiga salbiy ta’sir qiladigan harakatlarni qilayotgan, biz “vatandoshim” deyishga majbur bo‘lgan shaxslarning qiliqlari ko‘paygan. Biri Umra ziyoratini qilish uchun borgan manzilida daraxtga chiqib, meva terib “e’tiborga tushsa”, boshqalari metro ichida baqirib, tartibni buzib “Boburiylar kelganini” aytadi. Shu sabab ham chet elda yurgan har bir O‘zbekiston fuqarosi uning yaxshi yo yomon qilmishi sabab butun millatga nisbatan fikr shakllanishini unutmasligi kerak!
Ayniqsa, hozirgidek nozik, dunyoning deyarli barcha nuqtalarida migrantlarga nisbatan munosabat bir oz o‘zgargan, talablar esa anchagina kuchaytirilgan bir davrda ehtiyotkorlik, o‘zi bo‘lib turgan davlatning qonunlarini bilish zarar qilmaydi. 21 yanvar kuni AQSH hududida noqonuniy bo‘lib turgan 44 nafar O‘zbekiston fuqarolari deportatsiya qilingani ham gapimizga isbot bo‘la oladi.
Tashqi ishlar vazirligi bergan xabarga ko‘ra, fuqarolar charter reys bilan olib kelingan. Bu qaytarish AQSHning tegishli hukumat idoralari bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan bo‘lib, uning amalga oshirilishi orqali O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatga xavfsiz va o‘z vaqtida qaytarilishi ta’minlangan.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilning sentyabr oyida ham 39 nafar, aprel oyida ham bir guruh AQSHdan deport qilingan O‘zbekiston fuqarosi maxsus charter reysi bilan olib kelingandi. AQSH mazkur amaliyotni tarixiy deb atab, O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ga a’zo bo‘ldi
So‘nggi paytlarda, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida “tarixiy” deb atash mumkin bo‘lgan voqealar ko‘p bo‘lmoqda. Misol uchun, AQSH prezidenti Donald Tramp asos solgan, BMTga raqobatchi bo‘lishi taxmin qilinayotgan “Tinchlik kengashi”ga O‘zbekiston ham ta’sischi davlat sifatida qo‘shildi.
22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi. Mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan yangi tashkilotning tarkibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar o‘rin olgan.
Taklif etilgan har bir davlatda 3 yil bepul a’zolik huquqi mavjud bo‘lib, kelgusida kengashning doimiy a’zosi bo‘lish uchun davlatlar 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi bir martalik badal to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Va aynan tashkilot nizomining mana shu qismi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Tashkilotga a’zo bo‘lgan ikki Markaziy Osiyo mamlakatlaridan biri Qozog‘iston G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ga $1 mlrd miqdoridagi badalsiz a’zo bo‘ldi. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning matbuot xizmati jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish uchun davlatning mutlaq suveren qarori talab etiladi. Kengashga a’zo bo‘lgan paytdan boshlab davlatning Kengashda bo‘lish muddati uch yilni tashkil etadi. Nizomda ko‘rsatilgan 1 milliard dollar miqdoridagi ixtiyoriy badal a’zolik sharti hisoblanmaydi. Bu har bir ishtirokchining huquqi. Agar bunday badal birinchi yil davomida amalga oshirilsa, davlat Kengashda bo‘lish muddatini belgilangan uch yillik muddatdan ko‘proq uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qozog‘iston “Tinchlik kengashi”ga hech qanday moliyaviy hissa qo‘shmasdan a’zo bo‘ldi, bu Nizom qoidalariga to‘liq mos keladi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston esa ushbu tashkilotga qay tartibda a’zo bo‘lgani hozircha ma’lum emas. Biroq, O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston nega “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilganini izohladi:
“Tinchlik kengashi”ning oldida turgan vazifa, avvalambor, G‘azo inqirozini hal qilish. Bizning Prezidentimiz Donald Trampning taklifini qabul qilib, rozilik berdilar. Savol tug‘iladi: biz nima uchun bu tashabbusini qo‘llab-quvatladik? Birinchidan, xavfsizlik nuqtai nazaridan, albatta, bizning manfaatlarimiz bor. Ikkinchidan, mana shu kengashning oldida turgan vazifalar, maqsadlar bizning tashqi siyosatimizda asosiy tamoyillariga to‘liq javob beradi va mos keladi. Uchinchidan, haqiqatan ham bu mintaqada bizning juda jiddiy hayotiy manfaatlarimiz bor”, deydi u.
Komilovning aytishicha, O‘zbekistonning “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilishining sabablaridan biri Afg‘onistondir. U yerdagi vaziyat ham aynan Yaqin Sharqdagi urushlar sabab keskinlashgan. Chunki mamlakatga asosan shu mintaqadan ekstremist, terrorist tashkilotlar kirib kelgan.
“Afg‘oniston – qo‘shnimizga hujum boshlanishidan oldin u yerda hech qanday ekstremist, terrorist tashkilotlar bo‘lmagan. Lekin urush boshlangandan keyin ko‘pincha mana shunaqa tashkilotlar, guruhlar qayerdan keldi? Yaqin Sharqdan keldi. Albatta, Yaqin Sharq muammosini hal qilish – bu oson masala emas. XX asrda Yaqin Sharqning boshi urushdan chiqmagan. Shuning uchun, albatta bu masalani hal qilish uchun butun xalqaro hamjamiyat birlashib, nafaqat Amerika Qo‘shma Shtatlari, arab davlatlari, musulmon davlatlari, mana shu Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilishi kerak. Har bitta qadam o‘ylab bosilib, tinchlik o‘rnatilsa, barqarorlik o‘rnatilsa, muhim qadam bo‘ladi. Biz xalqaro hamjamiyat bilan o‘zimizning hamkorligimizni davom ettiramiz”, deydi Abdulaziz Komilov.
O‘zbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandi
Dunyo notinch. Avval yashirincha o‘ynalgan qurollanish poygasi bugun ochiqchasiga davom etmoqda. Mana shunday davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasi o‘zgartirilishini ma’lum qilgandi. Ushbu soha vakillari bilan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda esa harbiy-texnik baza, zamonaviy texnologiyalar, qurollanish, o‘quv taktikalari, sinov jarayonlarining soni ham, sifati ham oshgani ma’lum qilindi.
Bu natijalar Global Firepowyer tomonidan elon qilingan reytingda namoyon bo‘ldi. 2026 yilgi reytingga ko‘ra, harbiy qudrat bo‘yicha 145 mamlakat Ichida O‘zbekiston o‘z reytingini besh pog‘onaga yaxshilab, 53-o‘ringa ko‘tarilgan. Bu natija orqali 58-o‘rinni egallagan Qozog‘istonni ortda qoldirib, Markaziy Osiyoda yetakchiga aylangan.
Mintaqaviy reyting quyidagicha: O‘zbekiston – 53-o‘rin; Qozog‘iston – 58-o‘rin; Turkmaniston – 78-o‘rin; Tojikiston – 100-o‘rin; Qirg‘iziston – 109-o‘rin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy ustunliklaridan biri uning safarbarlik resursi bo‘lib qolmoqda. Mamlakat aholisidan qariyb 16 millioni harbiy xizmatga yaroqli hisoblanadi. Taxminan 120 ming harbiy xizmatchi qurolli kuchlarda, asosan quruqlikdagi bo‘linmalarda xizmat qiladi.
Armiya ixtiyorida 470 ta tank va 8692 ta zirhli transport vositasi mavjud. Uning artilleriyasida 177 ta o‘ziyurar qurol bo‘lib, bu toifada dunyoda 23-o‘rinda turadi. Shuningdek, harbiy-havo kuchlari tarkibida 159 ta havo transporti bor. Ulardan 101 tasi vertolyotlarga to‘g‘ri keladi. 34 ta hujum vertolyoti bilan mamlakat ushbu toifada dunyoda 20-o‘rinni egallab turibdi.
O‘zbekiston mustaqilligini qabul qilib bo‘lmaydi!
Mudofaa masalasi ayniqsa bugun juda muhim. Harxolda tiliga nima kelsa, o‘z manfaati yo‘lida gapirib chiqayotgan, hatto ochiq tahdid qilayotgan kimsalar tez-tez paydo bo‘lyapti. Bu gal esa “O‘zbekiston mustaqilligini qabul qilib bo‘lmaydi!” deya navbatdagi ahmoqona gap aytildi. Qaysi mamalkat fuqarosi tomonidan bunday hurmatsiz fikr bildirilganini bir taxmin qilib ko‘ringchi!
“Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri, kremlparast propagandist, “Putinning miyasi” deya ta’riflanuvchi, faylasuf ekanligi aytiladigan Aleksandr Dugin Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlarni yana Rossiya nazoratga olishi kerak deb chiqdi. Bizga yoqmasa-da, uning gapini eshittirishga majburmiz afsuski.
“Suveren Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mavjudligini qabul qilib bo‘lmaydi. Yangi voqelikda hech qanday suverenitetga o‘rin yo‘q. Ular yoki biz tomonimizda, yagona ittifoqimiz tarkibida bo‘ladi yoki G‘arb, Yevropa Ittifoqi, Amerika uchun, ayrim holatlarda esa Xitoy uchun tayanch maydonga aylanadi”, dedi Dugin.
Shuningdek, Dugin “uch qutbli dunyo” shakllanayotgani va bu tizimda Rossiya “kuch markazi”ga aylanib, atrofidagi hududlar ustidan nazoratni kuchaytirishi kerakligini ham alohida urg‘ulagan.
“Bizning maqsadimiz uch qutbli dunyoda eng muhim kuch markazlaridan biriga aylanish: suveren, erkin, mustaqil va ulkan davlat bo‘lish. Biz nazoratga olmagan barcha hududlar neytral bo‘lib qolmaydi. Ya’ni, tinch va osoyishta “Shveysariya”ga aylanmaydi. Aksincha, ular boshqa qutblarning, eng avvalo AQSH boshchiligidagi yanada mojaroli qutbning tayanch nuqtasiga aylanadi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Rossiyadagi eng mashhur millatchi-fashistik mafkurachilardan biri Aleksandr Dugin joriy yilning 7 yanvar kuni 64 ga to‘ldi. Bu yoshda dunyo aholisining 7-8 foizi “aqliy zaiflashish” kasalligi bilan xastalanishi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistikasida keltirilgan. Biroq, Dugin bir nechta davlatning mustaqilligini tan olmayotganiga xalq tili bilan aytganda, “tomi ketgani” sabab bo‘lmasa kerak. Harxolda u azaldan mana shunday imperiya qurish dardida vaysab keladi.
Uning ortidan esa sobiq bokschi Nikolay Valuyev ham Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid qildi. Uning aytishicha, yaqin orada xuddi Ukrainada bo‘lgani kabi yana bir nechta harbiy operatsiyalar o‘tkaziladi.
“Bizni bir nechta maxsus operatsiya kutmoqda. Buyuk faylasuf Dugin haq. Biz 30 yildan beri postsovet respublikalariga shirinlik berib kelmoqdamiz, ammo bu yordam bermadi. Bizga tayoq kerak”, degan sportchi.
Katta yoshli avlod bu mavjudotni Ruslan Chagayev bilan o‘tkazgan janggi va so‘z ustasi Xojiboy Tojiboyevning hazillari orqali yaxshi eslaydi.
So‘z ustasi aytganidek, hamyurtimiz raqibiga tinimsiz qattiq zarbalar bergandi. Va aynan ularning bosh miyaga ta’siri endi sezilayotganini aytib, Ruslan Chagayev hozirda deputatlik bilan shug‘ullanayotgan Valuyevga javob qaytardi.
Rus propogandistlari tomonidan qilinayotgan infohujumlar joningizga tekkandir ehtimol. Ammo ular xali-beri to‘xtashmasa kerak! Taniqli shaxslari, shou biznes vakillari va kuchli jurnalistlari yana mantiqsiz faktlari-yu, tutruqsiz fikrlari bilan paydo bo‘lishi mumkin!
Yana jurnalistlar qamaldi
Jurnalistlar mavzusi ochilgan payt O‘zbeksitondagi ikki vaziyatga ham to‘xtalamiz. “Xalqparvar Guruhi” jurnalisti 4 yilga qamaldi, “Qonun doirasida” loyihasining ikki jurnalisti ham qo‘lga olindi.
Farg‘ona viloyat sudining Telegramdagi rasmiy kanalida xabar berilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining 20 yanvardagi e’lon qilgan hukmi bilan 1990 yilda tug‘ilgan, “AK XALQPARVAR GURUHI” MCHJ (“ANTIKORRUPSIYA” OAV) muxbiri bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan fuqaro tuhmat, haqorat qilish, tovlamachilik, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, yolg‘on axborot tarqatish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59,61-moddalari tartibida 3 yilu 10 oy muddatga belgilangan avvalgi qamoq jazosidan, Jinoyat kodeksining 60,61-moddalariga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganligini bekor qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashlari belgilandi.
Xorazmda ham “Qonun doirasida” loyihasini yuritgan yurist Furqat Ro‘zmetov va uning xodimi Azamat Avezov qator jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Gumonlanuvchilar – 1980 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan Furqat Sultonnazarovich Ro‘zmetov va 1992 yilda Urganch tumanida tug‘ilgan Azamat Ro‘zimboyevich Avezov va boshqalarga nisbatan jinoyat kodeksida tegishli moddalarda nazarda tutilgan tuhmat, tovlamachilik, firibgarlik, ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish va yolg‘on axborot tarqatish kabi jinoyatlarini sodir etganlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, 16 yanvar kuni “Taftish.uz” saytining 4 nafar xodimi ham tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi.
O‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblanib 7 yilga qamalgan Andijon viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamroyev esa ozodlikka chiqdi.
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish, o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan jami 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rilib, sudning 2025 yil 8 iyuldagi hukmi bilan tegishli jazolar tayinlangan.
2025 yilning 26 dekabr kuni sud hukmiga nisbatan tuman prokurorining protesti va sudlanuvchilarning shikoyatlariga asosan jinoyat ishi Toshkent shahar sudi apellyatsiyasi instansiyasida ko‘rilib, hukmning 24 nafar sudlanuvchiga tegishli qismlari o‘zgartirilgan.
Xususan, birinchi instansiya sudi hukmi bilan Botirjon Hamroyevga nisbatan tayinlangan 3 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirib borish sharti bilan 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga o‘zgartirilgan.
Rossiyalik generalni o‘ldirishda gumonlangan o‘zbekistonlik umrbod qamaldi
Rossiyaning Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi sudyalari hay’ati general-leytenant Igor Kirillov halok bo‘lgan teraktni sodir etganlikda ayblangan Ahmad Qurbonovni umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. Shuningdek, unga 1 mln rubl miqdorida jarima belgilandi.
RBK nashri bergan ma’lumotga ko‘ra Qurbonov aybini tan olib, tergov bilan faol hamkorlik qilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, 2024 yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi Qurbonov Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) topshirig‘iga binoan general Kirillov yashagan uyning kirish qismiga rulida masofadan boshqariladigan bomba o‘rnatilgan elektro-samokatni qoldirgan. Shundan so‘ng terakt ijrochisi ijaraga olingan avtomobilga o‘tirib, bo‘layotgan voqealarni Ukrainaga jonli efirda uzatgan. General Igor Kirillov va uning yordamchisi mayor Ilya Polikarpov uyidan chiqqan paytda portlash sodir bo‘lib, ikki zobit ham halok bo‘lgan.
Qurbonovdan tashvari yana bir hamyurtimiz, qorako‘z Rossiyada qamaldi. U Ukrainadagi urushdan qochishga uringani uchun 7 yil 9 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Ish hujjatlariga ko‘ra, mazkur o‘zbekistonlik erkak avvalroq, 2023 yil aprel oyida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida giyohvand moddalar savdosiga urinishda aybdor deb topilib, 11 yil 8 oyga qattiq tartibli koloniyada jazoga hukm qilingan.
U qamoqda bo‘lgan vaqtida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi jangovar harakatlar hududiga yuborilgan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, urushdan qaytgach, u ozod etilishi lozim bo‘lgan, biroq janglar vaqtida yaralangan. Shundan so‘ng o‘zbekistonlik erkak Novosibirskdagi harbiy shifoxonaga yotqizilgan. Davolanish yakunlangach, 2025 yil 23 may kuni kechqurun u Novosibirsk viloyati va Qozog‘iston chegarasi yaqinidagi o‘rmon hududiga borib, o‘zining yo‘lboshchisini kutgan. Ammo yo‘lboshchi kelmagan. Oradan bir kun o‘tib, ushbu erkak Federal xavfsizlik xizmati chegara xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingan.
2025 yil sentyabr oyida harbiy sud uni davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringanlikda aybdor deb topib, 6 oy qamoq jazosini tayinlagan. Biroq, avvalgi sud hukmi bo‘yicha o‘talmagan jazo muddatini inobatga olib, yakunida 7 yil 9 oy muddatga qattiq tartibli koloniyada jazo o‘tash belgilangan.
Tanish ssenariy-a? Rossiya tomoni urushga yuborish uchun “qo‘shimcha armiyani” migrantlardan tuzayotgani haqida turli videolar tarqalgandi. Ukrainalik bloger Dmitro Karpenko o‘z sahifasida e’lon qilgan videoda hamyurtlarimizdan biri unga yoki uzoq muddatga qamalish yo urushda ishtirok etish sharti qo‘yilganini aytgan edi.
Xuddi shu voqea yana bir vatandoshimiz bilan ham sodir bo‘ldi. Novosibirsk viloyatining Karasuksk tuman sudi noqonuniy migratsiyani tashkil etishda ayblab, O‘zbekiston fuqarosini hibsga oldi. Ayblovga ko‘ra, u va uning sheriklari internet orqali kamida 270 nafar xorijlikka soxta shartnomalar sotgan. Bu haqda viloyatning umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Xidirov guruh tarkibida oldindan til biriktirib harakat qilgan. Ular kamida 270 nafar xorijiy davlat fuqarolariga, shu jumladan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlardan kelganlarga soxta fuqarolik-huquqiy shartnomalar tayyorlab, internet orqali sotgan. Sud ayblanuvchiga nisbatan 2026 yil 28 fevralga qadar qamoq ehtiyot chorasini tanladi. Agar uning aybi isbotlansa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Nurzodbek Vohidov
Live
Barchasi