Markaziy Osiyoda yangi o‘yinchilar va yangi qoidalar paydo bo‘ldi – TALAP

Bu qiziq

image

Markaziy Osiyo yana bir bor "Buyuk shaxmat doskasi"ga aylandi. Faqat bu safar o‘yinchilar hamda qoidalar o‘zgargan. Bu haqda Qozog‘istondagi TALAP mustaqil tahlil markazi ekspertlariga tayanib, Amerikaning "EurasiaNet" nashri yozdi.

Qayd etilishicha, endilikda Britaniya imperiyasi o‘rniga Xitoy Rossiya bilan mintaqaga o‘z ta’sirini o‘tkazish uchun kurashmoqda.

“Buyuk o‘yin” 19-asrda ikki imperiya – Britaniya va Rossiya imperiyalarining O‘rta Osiyoga ta’sir o‘tkazish uchun kurashini anglatardi. Ekspertlarning fikricha, bular tarixda qolgandek tuyuladi, ammo hozir tarix biroz boshqacha ko‘rinishda takrorlanmoqda.

Hozir siyosat va harbiy harakatlar o‘rniga iqtisodiy ta’sir vositalari keng qo‘llanilmoqda va Buyuk Britaniya o‘rniga Xitoy qanchalik Rossiyaning do‘stidek ko‘rinmasin, bahaybat "ayiq"ning raqibiga aylangan. O‘yin qoidasidagi yana bir tafovut shundaki, hozir Markaziy Osiyo davlatlarida ham o‘yin natijasiga mustaqil ta’sir ko‘rsatish imkoniyati ma’lum darajada mavjud.

“Bu o‘zgarishlar Markaziy Osiyodagi geoiqtisodiy tortishish markazini o‘zgartirdi. Xitoy mintaqaning eng yirik savdo sherigi sifatida Rossiyani siqib chiqardi. Shu bilan birga, umumiy tendensiya savdo hamkorlarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan. G‘arbning Markaziy Osiyo savdosidagi ulushi hozirgi dinamikada o‘sishda davom etadi”, deyiladi tahlilda.

2022 yildan boshlab ko‘p vektorli siyosat tufayli Markaziy Osiyo davlatlari Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlarida o‘z ishtirokini sezilarli darajada kengaytirdi. Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan beri Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada mustahkamlandi. Mintaqa davlatlari har tomondan AQSH va uning ittifoqchilariga dushman davlatlar – Afg‘oniston, Eron, Xitoy va Rossiya qurshovida bo‘lgan og‘ir sharoitlarda G‘arb dunyosi bilan munosabatlarni rivojlantirishga harakat qilmoqda.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, G‘arb sarmoyasining ortishiga Markaziy Osiyoda qonunchilikdagi tartibsizlik, ayrim mamlakatlarda qonunlarning kuchi yo‘qligi, sud tizimining mustaqil emasligi to‘sqinlik qilmoqda. Muammoni bartaraf etish uchun soliqqa tortishni tartibga solish va do‘stona investitsiya muhitini yaratish kerak bo‘ladi. 

"Mintaqa davlatlari ham xalqaro, ham mahalliy kompaniyalar va investorlar uchun mavjud institutsional, tartibga soluvchi to‘siqlarni olib tashlashlari kerak. Shuningdek, qonun ustuvorligini mustahkamlash, adolatli va ochiq raqobatni qo‘llab-quvvatlash, biznes uchun qulay soliq qoidalarini joriy etish, savdo, bojxona va logistika standartlarini tartibga solishi muhim", deyiladi tahlil markazi ekspertlarining xulosasida.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Xitoy Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing