Indoneziya Rossiya neftiga qaytyapti
Olam
−
26 iyul
6647Indoneziyaning davlat nazorati ostidagi neftni qayta ishlash zavodi Pertamina neft sotib olish uchun tender ro‘yxatiga Rossiya neft navlarini qo‘shdi. Bu haqda uch nafar treyderga tayanib, "Reuters" xabar berdi.
Garchi Indoneziya Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalariga qo‘shilmagan bo‘lsada, Pertamina 2022 yilda Rossiya-Ukraina harbiy mojarosi boshlanganidan beri orqaga qadam tashlab, ancha vaqt davomida Rossiya neftini sotib olmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Pertamina oxirgi marta Rossiyadan ESPO Blend va Sokol moylarini 10 yildan ko‘proq vaqt oldin sotib olgan. Ushbu zavod joriy yilning 15-17 sentyabr kunlari yetkazib berilishi uchun Rossiyaning Urals neftini, 18-20 sentyabr kunlari esa Sokol moyini so‘radi.
“Tenderlardan biri o‘tgan hafta, ikkinchisi dushanba kuni yopildi”, deydi manbalar.
Natijalar hali e’lon qilinmagan. Pertamina’ning rejalari bilan tanish bo‘lgan manbalardan birining aytishicha, kompaniya Rossiya neftini faqat narxlar chegarasi bo‘yicha sotilgan taqdirdagina sotib olishi mumkin. Bunday chegara G‘arb yuk jo‘natuvchilari va sug‘urtalovchilariga neft bir barrel uchun 60 dollardan pastroq narxda sotilgan taqdirda Rossiya neft savdosida ishtirok etish imkonini beradi.
Pertamina neftni qayta ishlash bo‘limi vakili seshanba kuni kompaniya barcha tegishli qoidalarga rioya qilgan holda o‘zining neftni qayta ishlash xususiyatlariga mos keladigan neft xomashyosini sotib olishini aytdi.
"Agar biz Rossiyadan neft xomashyosini sotib olsak, u narxlarni cheklash mexanizmi ostida amalga oshiriladi", dedi zavod matbuot kotibi Hermansya Nasroyen.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, G‘arbning Rossiya energetika sektoriga qarshi sanksiyalari, jumladan, Yevropa Ittifoqining neftga embargosi va narxlarni cheklash mexanizmi Xitoy, Hindiston va Turkiyani Rossiya neftining asosiy xaridoriga aylantirdi.
LiveBarchasi