Rossiyada YouTube tezligi 70 foizga sekinlashishi mumkin
Olam
−
25 iyul
4761Rossiyada YouTube videoxostingining yuklanish tezligi 40 foizga, keyingi hafta oxiriga kelib esa 70 foizga tushishi mumkin. Bu haqda Rossiya Davlat Dumasining Axborot siyosati qo‘mitasi rahbari, deputat Aleksandr Xinshteyn o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Deputatning yozishicha, mamlakat rasmiylari platformaning ishlash tezligini sun’iy ravishda sekinlashtira boshlagan.
“Yaqin kunlarda YouTube'ning kompyuterlarda foydalanganda yuklab olish tezligi 40 foizga, keyingi hafta oxiriga kelib esa 70 foizga pasaytirilishi mumkin. Bu chora hozircha mobil internet orqali foydalanishga ta’sir qilmaydi”, deya yozadi Xinshteyn.
Aleksandr Xinshteynning so‘zlariga ko‘ra, videoxosting ishini sekinlashtirish rossiyalik foydalanuvchilarga emas, balki YouTube rahbariyatiga qarshi qaratilgan majburiy qadam bo‘lib, bu bilan Rossiya rasmiylari videoxosting ishiga ta’sir o‘tkazishga urinayotganini bilvosita tan oladi. Davlat Dumasi deputati YouTube'ning Rossiyada cheklanishini “Rossiyaga qarshi xosting siyosati” bilan ham bog‘lagan.
“ComNews Research” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiyada faoliyat ko‘rsatayotgan 700 ta mahalliy serverdan 2023 yil oxiriga kelib atigi 450 tasi qolgan.
Ma’lumot uchun, platformaning sekinlashishi joriy yilning 12 iyul kuni boshlangan. “Rostelekom” esa buni Google kompaniyasiga tegishli uskunaning ishlashidagi texnik nosozliklar tufayli yuzaga kelganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Microsoft kompaniyasi Windows ishdan chiqishi 8,5 million qurilmaga ta’sir qilgani haqida ma’lumot bergandi. Shov-shuvli hodisaga CrowdStrike antivirus yangilanishidagi xato sabab bo‘lgandi.
LiveBarchasi