Rossiya Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi

Olam

image

Rossiya Mudofaa vazirining logistika masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Dmitriy Bulgakov korrupsiyada ayblanib, qo‘lga olindi. Hozirda unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda mamlakat Tergov qo‘mitasi xabar berdi.

“Rossiya Tergov qo‘mitasining Bosh tergov boshqarmasi 2008-2022 yillarda Mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Dmitriy Bulgakovga nisbatan korrupsiya masalasiga oid jinoiy ish bo‘yicha tergov olib bormoqda”, deydi Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenko.

Sud Dmitriy Bulgakovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan. Sobiq vazir o‘rinbosari Moskvadagi Lefortovo tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

Dmitriy Bulgakov 69 yoshda. 2022 yilda u vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Mudofaa vazirligi Bosh inspektorligiga o‘tkazilgan. 2016 yilning may oyida u “Rossiya Qahramoni” mukofotini oldi. Bulgakov armiyadagi texnik yordam uchun mas’ul bo‘lgan. 2015 yildan 2017 yilgacha u Ukrainani aylanib o‘tadigan temiryo‘l liniyasini qurish bilan bog‘liq masalalarni nazorat qilgan. Shuningdek, Suriyadagi rus qo‘shinlarini ta’minlash uchun ham javobgar edi.

Bu so‘nggi oylarda Rossiya qurolli kuchlari rahbariyatidagi yagona shov-shuvli ish emas. Masalan, may oyida Rossiya Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov ham pora olayotganlikda ayblanib qo‘lga olindi. Xuddi shu oyda Rossiya Mudofaa vazirligini tanqid qilgan 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni Ivan Popov firibgarlikda ayblanib hibsga olingan. May oyi oxirida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, general-leytenant Vadim Shamarin hibsga olingan edi. U 36 million rubl miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda va allaqachon aybini qisman tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada Mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov ishiga aloqador uchinchi shaxs qo‘lga olingandi. U “OlimpSitiStroy” kompaniyasi asoschisi Aleksandr Fomin vazir o‘rinbosariga pora berganlikda ayblanib, hibsga olingan. Shuningdek, Mudofaa vazirligiga qarashli qurilish kompaniyasi rahbari qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya korruptsiya Mudofaa vaziri Dmitriy Bulgakov tergov izolyatori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made