Markaziy Osiyoda umumiy “Shengen” vizasi tashkil etilishi mumkin
Olam
−
01 avgust 6871 2 daqiqa
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida umumiy amal qiluvchi yagona turistik viza tashkil etilishi mumkin. Bu haqda kecha, 31 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Cho‘lponota shahrida o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvida ma’lum qildi.
Qirg‘iziston yetakchisining qayd etishicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston tomonlari Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilmoqchi bo‘lgan xorijliklar uchun yagona turistik vizani joriy etish bo‘yicha Qirg‘iziston tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, Sadir Japarov o‘z nutqida mazkur tashabbusni mintaqadagi barcha mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirgan. Bordi-yu, bu tashabbus qo‘llab-quvvatlansa va ishga tushsa, xorijiy turistlar birgina viza bilan (xuddi, Yevropa “Shengen” vizasi kabi) butun Markaziy Osiyo hududi bo‘ylab hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 30 iyuldan 1 avgustga qadar davom etayotgan norasmiy maslahat uchrashuvida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda savdo, energetika, turizm, transport yo‘laklari, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sadir Japarov 2025 yil mart oyida Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zaro vizasiz rejim joriy etish va xorijiy sayyohlar uchun Shengen vizasiga o‘xshash yagona turistik vizani yaratish tashabbusi bilan chiqqan edi.
Live
Barchasi