Markaziy Osiyo yetakchilari Xitoyda qanday kutib olindi? (foto+video)
Olam
−
18 may 2023 18446 2 daqiqa
Joriy yilning 18-19 may kunlari Xitoy shimoli-g‘arbidagi Sian shahrida Xitoy-Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tadi. Xitoy rahbari Si Szinpin raisligida bo‘ladigan sammitda qatnashish uchun Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon, Turkmaniston yetakchisi Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sianga yetib bordi. QALAMPIR.UZ Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Xitoyda qanday kutib olingani aks etgan foto va videolarni jamladi.

Eng birinchi bo‘lib, 16 may kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Sianga yetib bordi. Aeroportda uni Xitoy hukumatining yuqori martabali vakillari kutib oldi, shuningdek, faxriy qorovul saf tortdi.

Kecha, 17 may kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Sian shahriga bordi. Aeroport hududida davlat rahbarini faxriy qorovuldan tashqari, qo‘llarida Qozog‘iston va Xitoy bayroqlarini ushlab turgan xitoylik maktab o‘quvchilari kutib olgan.


Shu kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham rafiqasi Oygul Japarova bilan birga Xitoyga yetib borgan. Ularni XXR Madaniyat va turizm vaziri Xu Xeping kutib oldi. Aeroportda faxriy qorovul saf tortgan. Bu yerda hurmatli mehmonlar uchun qisqa konsert dasturi ham namoyish etilgan.



Bugun, 18 mayga o‘tar kechasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva bilan Sian shahriga yetib borgan. O‘zbekiston rahbarini Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Xu Xeping, Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Gang va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan. Aeroportda martabali mehmonlar sharafiga faxriy qorovul saf tortib, milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijrosi bilan tantanali dastur tashkil etilgan.


Bugun, 18 may kuni ertalab Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Sianga uchib borgan. Uni aeroportda Xitoy hukumatining yuqori martabali vakillari, shuningdek, faxriy qorovul hamda qo‘llarida gullar va bayroqlar tutgan bolalar qarshi olgan.


Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ertaga, 19 may kuni Xitoy va Markaziy Osiyo yetakchilari birinchi marta C5+1 formatidagi yig‘ilishda shaxsan qatnashadi, u yerda Si Szinpin muhim nutq so‘zlaydi hamda dolzarb siyosiy hujjat imzolanadi.

Hozirda Cian shahri bo‘ylab sammitni targ‘ib qilish uchun xitoy va rus tillarida bannerlar, bilbordlar va hatto taksi belgilari ham o‘rnatilgan.

Ma’lumot uchun, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo o‘tgan yili rekord darajadagi 70 milliard dollarga yetgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston 31 milliard dollar bilan yetakchilik qilgan. Keyingi o‘rinlarni 15,5 milliard dollar bilan Qirg‘iziston, 11,2 milliard dollar bilan Turkmaniston, 9,8 milliard dollar bilan O‘zbekiston va 2 milliard dollar bilan Tojikiston egallagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr