Markaziy Osiyo va Koreya parlament rahbarlari Toshkentda yig‘iladi
Jamiyat
−
13:25 924 2 daqiqa
Joriy yilning 15–17 dekabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo davlatlari hamda Koreya Respublikasi o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
“Inson qadri, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi uchinchi yig‘ilishning yalpi majlisi Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi yaqin istiqbolga mo‘ljallangan mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlanadi.
“Iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va sanoat: mintaqalar rivojining taraqqiyot yo‘llari” hamda “Barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish: ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda parlamentlarning roli” mavzularida 2 ta sessiya o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, parlamentlararo komissiyalar va do‘stlik guruhlari a’zolari ishtirokidagi uchrashuvlarda qonunchilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida think-tank va ilmiy doiralar vakillari bilan muhokamalar tashkil qilish ham nazarda tutilgan.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Qo‘shma deklaratsiya qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joiz, mazkur formatdagi birinchi uchrashuv 2023 yil 19 sentyabrda Seul shahrida, ikkinchisi esa 2024 yil 14 oktyabrda Ashxobodda bo‘lib o‘tgan.
Live
Barchasi