Markaziy Osiyo mamlakatlari TIV rahbarlari Toshkentda yig‘ildilar
Jamiyat
−
15 noyabr 2019
2664Markaziy Osiyo mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari bugun, 15 noyabr kuni poytaxt Toshkentda yig‘ildilar. "Beshlik"ning to‘planishidan asosiy maqsad joriy yilning 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan MO yetakchilari uchrashuviga tayyorgarlik jarayonini muhokama qilishdir. Bu haqda Sputnik yozmoqda.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qo‘shni respublikalar tashqi ishlar vazirlarini samimiy qutlar ekan, ular oldida 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan MO davlatlari yetakchilari uchrashuviga tayyorgarlik jarayonini muhokama qilish, xususan, hujjatlar bo‘yicha ishlarni yakunlash singari ishlar turganini qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu uchrashuvda diplomatlar mintaqaviy hamkorlik va rivojlanish istiqbollari masalalarini ko‘rib chiqib, xalqaro kun tartibi bo‘yicha fikr almashadilar.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining ikkinchi norasmiy sammiti Toshkent shahrida 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. MO yetakchilari uchrashuvi kun tartibidan mamlakatlar o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan. Prezidentlar shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik va qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladilar.
Shu bugun Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorligini mustahkamlashda madaniy-gumanitar aloqalarning o‘rni singari masalalarni o‘z ichiga olgan "Markaziy Osiyo - umumiy uyimiz" xalqaro konferensiyasi ham bo‘lib o‘tmoqda.
LiveBarchasi