Markaziy Osiyo xalqlari Olimpiadada bir-birini qanday qo‘lladi?

Sport

Ayni paytda Parijda bo‘lib o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlari ko‘plab yutuq va mag‘lubiyatlar, shuningdek, kutilmagan holatlarga boy bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu Olimpiada musobaqalarida Markaziy Osiyo davlatlaridan ham ko‘plab sportchilar ishtirok etmoqda. Masalan, Tojikistondan 14 nafar, Turkmanistonda 6 nafar, Qirg‘izistondan 16 nafar, Qozog‘istondan 79 nafar va O‘zbekistondan 86 nafar.   Bellashuvlarning yana bir o‘ziga xos tomoni esa Markaziy Osiyo xalqlarining bir-birini qo‘llab-quvvatlanayotganidir. Ijtimoiy tarmoqlarda bu keng muhokama qilinib, ijobiy e’tiroflarga sabab bo‘lmoqda. QALAMPIR.UZ xuddi shunday qo‘llov holatlarini bir joyga to‘pladi.

Murabbiysiz qolgan qirg‘izistonlik bokschiga o‘zbek murabbiyi sekundantlik qildi

4 avgustga o‘tar kechasi qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li amerikalik Harvey Jahmalga qarshi chorak final jangini o‘tkazib, yarim finalga chiqdi.

Xabar berilishicha, Munarbekning shaxsiy murabbiyi Beganas Sultanbayev akkreditatsiya muammolari sabab Parijga bora olmagan.

Shu sababli jang davomida unga O‘zbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qildi. O‘zbekistonlik murabbiy jangdagi tanaffus davomida Munarbekning yuziga suv sepib turgan va unga jang usullari haqida kerakli maslahatlar bergan. 

Ushbu holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining iliq fikrlari bilan kutib olindi.

Akmal Hasanov jurnalistlarga bergan intervyusida bu holatni izohlab,  Munarbekning g‘alabasidan ko‘ziga yosh olganini aytgan.

Qirg‘izistonlik internet foydalanuvchilari ham o‘zbek murabbiyi bu harakati bilan butun dunyoga Markaziy Osiyo birdamligini ko‘rsatib qo‘yganini ta’kidlagan. 

Ma’lumot uchun, ushbu jangda Munarbek Seyitbek o‘g‘li yarim finalga chiqdi. U keyingi jangini 9 avgustda bolgariyalik Haviyer Ibanez Diazga qarshi o‘tkazadi. Agar Munarbek shu bellashuvda raqibini yengsa, finalda o‘zbekistonlik bokschi Abdumalik Halokov bilan to‘qnash keladi. 

Mening yutug‘im faqat O‘zbekistonniki emas, butun Markaziy Osiyonikidir – Diyora Keldiyorova

28 iyul kuni 52 kg vazn toifasida yaponiyalik raqibini mag‘lub etib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan Diyora Keldiyorovaning videolari barcha ijtimoiy tarmoq sahifalarida ommalashib ketdi. Aynan shu videolar izohida esa barcha Markaziy Osiyo davlatlari vakillari o‘zbekistonlik sportchini faol tabrikladi.  

Keldiyorovaning g‘alabasi aks etgan videolar “O‘zbek birodarlar, oltin qutlug‘ bo‘lsin! Olg‘a!”,  degan mazmundagi izohlar bilan to‘lib ketgan.

Shuningdek, qirg‘izistonlik sayohatchi bloger Keldiyorova bilan uchrashib, uni jonli tabriklagan.

“O‘zbekning shunday oltin qizlari bor. Qirg‘izistonga ham oltin medallar nasib etsin. Butun qirg‘iz xalqi sizning yutug‘ingizdan quvondi”, degan u.

Bunga javoban Diyora shunday degan:

“Ushbu yutuq nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlarining g‘alabasi. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun hammangizga rahmat!” deya ta’kidlagan.

Do‘smatovdan yengilsa ham, xafa bo‘lmagan qozog‘istonlik bokschi

Yarim final bosqichida o‘zining doimiy raqibi qozog‘istonlik Saken Bibossinov bilan ringga ko‘tarilgan Hasanboy Do‘stmatov 4:1 hisobda uni mag‘lubiyatga uchratdi. Ammo qozog‘istonlik muxlislar bundan sira xafa bo‘lmaganini isbotlashdi. Ular Do‘stmatovni samimiy tabriklab, uning yutug‘i Qozog‘istonni ham quvontirishini bildirgan. Jangdan so‘ng hatto Sakenning o‘zi mag‘lub bo‘lishiga qaramay, Hasanboyni quchib, samimiy tabriklab qo‘ydi.

“Olg‘a, bovurim!” Qozog‘istonlik bokschiga muxlis o‘zbekistonlik murabbiylar!

8 avgust kuni 80 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi final bahsida qozog‘istonlik bokschi Nurbek Oralbay ukrainalik Aleksandr Xijnyakka qarshi ringga ko‘tarildi. 

Tomoshabinlar qatorida esa Qozog‘iston bayrog‘ini ko‘targan ko‘plab o‘zbekistonliklarning “Qozog‘iston, olg‘a!”, “Olg‘a, bovurim!”degan baralla ovozi eshitilib turdi. 

Masalan, o‘zbekistonlik muxlislar qatorida boks bo‘yicha murabbiy To‘lqinbek Qilichev, Rahmatjon Ro‘zioxunov hamda charm qo‘lqop ustasi Bahodir Jalolov bor bo‘lib, ular “Olg‘a, Nurbek!”deya uning har bir harakatini diqqat bilan kuzatib turdi. Holat aks etgan video To‘lqinbek Qilichev o‘zining Instagram sahifasida bo‘lishdi.

Ammo jangda Aleksandr Xijnyak Olimpiada chempioni bo‘ldi, Nurbek Oralbay esa Parijdagi Olimpiadadagi chiqishini kumush medal bilan yakunladi. O‘zbekistonlik muxlislar esa uni qo‘llashda davom etib, uni qarsaklar bilan siyladi.

“Yashayversin, o‘zbegim!” O‘zbekistonga atalgan qozoqcha qo‘shiq

Qozog‘istonlik oqin Bek Shimat 9 avgust kuni birvarakayiga ikkita oltin medalni O‘zbekiston hisobiga yozib qo‘ygan bokschi Hasanboy Do‘smatov hamda taekvondo ustasi Ulug‘bek Rashidovga atab qo‘shiq aytdi.

Unda shunday deyilgan:

“Ikki oltin medal yenggan bir kunda
O‘zbeklarni qutlamaslik mumkinmi?
Rashidov va Do‘smatov
Bir-bir oltin ushlatib
Qo‘sh chempion bo‘lgan axir bir kunda
Qo‘r, ularga biz qozoqlar yaqinmiz
Oltiniga tabrik aytayotirmiz
Abe Utani qulatgan
Va ingratib yig‘latgan
Keldiyorova Diyoraday botir qiz!

Besh bokschi bu finalga kelyotir
Raqibining bari tayoq yeyotir
Tarixdagi Manguberdi
Jalolovga ishonib,
Ikki karra chempion bo‘lar deyotir”.

Kutilganidek, uning qo‘shig‘iga o‘zbekistonliklar rahmat aytib izohlar yozishgan.

Bek Shimat o‘zining oqinlari bilan qo‘shni mamlakat sportchilarini doimiy ravishda qo‘llab kelmoqda. Bir muddat avval u qirg‘iz sportchilari uchun ham ashula aytib, tabriklagan edi. “Qo‘sh medaling qutlug‘ bo‘lsin, qirg‘izim!” degan u qo‘shig‘ida.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Ostonadagi uchrashuvida Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zbekistonlik sportchilar – taekvondochi Ulug‘bek Rashidov hamda bokschi Hasanboy Do‘smatovning Olimpiadadagi natijasi bilan tabrikladi. Hattoki To‘qayev shaxsan Hasanboy Do‘smatovga muxlislik qilgan.

Malika Norbekova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Parij Olimpiada Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing