Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyadagi migrantlarining huquqlarini himoya qila olyaptimi?
Tahlil
−
16 avgust 2023
5496Migratsiya siyosati va taraqqiyoti xalqaro markazi hisobotiga ko‘ra, Rossiyaga har yili Markaziy Osiyo davlatlaridan – asosan Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan 3,5-4 millionga yaqin mehnat muhojiri boradi. Olib borilgan tadqiqot natijalarida bunga asosiy sabab sifatida mazkur davlatlarda yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikning yuqori darajasi, mintaqa ichidagi mojarolar, shuningdek, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ko‘rsatilgan. Tojikiston va Qirg‘iziston, ayniqsa, Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan mehnat muhojirlariga qaram bo‘lib, bunday migrantlarning pul o‘tkazmalari yalpi ichki mahsulotning mos ravishda 32,1 va 31,3 foizini tashkil qiladi. U yerdagi pul o‘tkazmalari ko‘plab oilalar uchun moliyaviy barqarorlikni ta’minlaydi va qashshoqlikdan xalos bo‘lishga hissa qo‘shadi. Bu haqdagi ma’lumotlar “Deutsche Welle” nashrida e’lon qilingan maqolada keltirilgan.
Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Rossiyada qanday muammolarga duch kelmoqda?
Xalqaro Mehnat Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari ko‘p hollarda norasmiy sektorda band, ya’ni ular noqonuniy tarzda ishlaydi.
Oqibatda ishchilar, ayniqsa, ish beruvchilar, vositachilar va davlat amaldorlari tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekspluatatsiya va huquqlarining buzilishi xavfiga duchor bo‘ladi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda migrantlarning katta qismi mehnatga haq to‘lash shartlarini buzish, shu jumladan, uni to‘lashdan bosh tortish yoki kechiktirish muammolariga duch kelmoqda.
Masalan, 2023 yil boshida Qirg‘iziston Mehnat, ijtimoiy himoya va migratsiya vazirligining Rossiyadagi vakolatxonasiga rossiyalik ish beruvchilar Qirg‘izistondan kelgan mehnat muhojirlariga ish haqi to‘lamayotgani bilan bog‘liq 245 ta murojaat kelib tushgan.
Aytilishicha, Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan 200 ga yaqin o‘zbekistonlik ishchilar Turkiyaning bankrot deb e’lon qilgan qurilish kompaniyasidan so‘nggi ikki yil davomida ishlab topgan pullarini undirish uchun ariza bilan murojaat qilgan.
Tojik muhojirlari ham xuddi shunday muammolar girdobida. Masalan, ularni Rossiyaning qurilish kompaniyalari vayron bo‘lgan Mariupolni tiklash uchun ishga yuborgan va va’da qilingan maoshining yarminigina bergan xolos.
Odamlarni immigratsiya maqomidan qat’i nazar hibsga olish
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Rossiya politsiyasi muntazam reydlar o‘tkazib, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan noqonuniy muhojirlarni qo‘lga oladi.
Biroq, hozirda huquq himoyachilariga ko‘ra, odamlarni immigratsiya maqomidan qat’i nazar, hibsga olish va keyin ularga Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzishni taklif qilish amaliyoti qo‘llanilmoqda.
Tojikiston “Fuqarolik erkinliklari idorasi” jamoat tashkiloti rahbari Dilrabo Samadovaga ko‘ra, mamlakat rasmiylari Rossiyada mehnat qilayotgan o‘z fuqarolari huquqlarini himoya qilish uchun turli diplomatik usullardan, jumladan, mavjud ishonch telefonlari orqali maslahatlashuvlardan foydalanadi.
Samadovaning tan olishicha, bu usullar har doim ham samarali emas, chunki Tojikistonning Rossiya Federatsiyasidagi konsulliklarida qo‘ng‘iroqlarga javob bermayotgani haqida shikoyatlar kelib tushmoqda. Shuningdek, fuqarolar bo‘lgan joylarda konsullik vakillari kelmasligidan shikoyatlar ham bor.
Markaziy Osiyo davlatlari mehnat migrantlarining huquqlarini qanday himoya qilyapti?
Maqolada bildirilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari rasmiylari Rossiya Federatsiyasiga borgan mehnat muhojirlarining huquqlarini faolroq himoya qilish niyatida.
11 avgust kuni Tojikiston Mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligi migrantlarning yashash va mehnat sharoitlarini tekshirish maqsadida Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk va Ufa shaharlariga taftish guruhlari jo‘natilganini ma’lum qilgan.
"24.kg" portalida keltirilishicha, Qirg‘iziston Rossiyadagi diplomatik ishtirokini oshirmoqda. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rahbari Jeenbek Kulubayev rejalar orasida ikkita yangi konsullik va yettita konsullik idorasi ochilishi ham borligini ma’lum qilgan. Bundan asosiy maqsad Rossiya Federatsiyasi hududida qirg‘izlarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishdan iborat.
Nashrga ko‘ra, Toshkent ham xuddi shunday yo‘l tutgan. Masalan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yaqinda Rossiyada xorijdagi migrantlarga huquqiy yordam ko‘rsatish uchun mamlakatning bir necha yangi konsullik idoralarini ochgan.
Qo‘shimcha konsullik idoralari Sankt-Peterburg, Vladivostok, Rostov-Don, Qozon va Yekaterinburgda joylashgan. Bundan tashqari, TIV O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha turli idoralar faoliyat yuritayotganini, ular o‘zbekistonliklarni xorijda ishga joylashtirish, ularga rus tili va ayrim kasblarni o‘rgatishni tashkil etishini ta’kidlagan.
Diaspora uyushmalari mehnat muhojirlariga yordam beradi
O‘z navbatida, mutaxassislar Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘plab konsullik markazlari mavjudligini qo‘shimcha qiladi. Biroq ular konsulliklarning xatti-harakatlari ba’zan Markaziy Osiyolik muhojirlarning huquqlari to‘g‘ri himoya qilinishi uchun yetarli emas deb hisoblaydi.
Tahlilchilarga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri Rossiyada Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari diasporalarining milliy birlashmalari, jumladan, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari ham paydo bo‘lgan.
LiveBarchasi