Markaziy bank raisi go‘shtning narxi qachon barqarorlashini ma’lum qildi

Jamiyat

image

Meva va sabzavotlar narxlarini mavsumiy o‘zgarishining inflyatsiyaga ta’siri o‘tgan yillarga nisbatan ancha past bo‘ldi. Non va non mahsulotlari narxining bozor sharoitlariga moslashishi hisobiga ushbu guruh mahsulotlarining umumiy inflyatsiya darajasiga hissasi ham pasaygan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov kecha, 5 mart kuni asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan Boshqaruv yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan. 

Ta’kidlanishicha, yanvar-fevral oylarida go‘sht mahsulotlari narxlarining o‘sishi o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi inflyatsiyani oshiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lgan (o‘sish 2,3 foiz). 

“Go‘sht mahsulotlariga talab oshib borayotgan sharoitda ichki bozorlarni ushbu mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash masalasi kompleks yondashuvni talab etadi. Hukumatimiz tomonidan go‘sht yetkazib berishning tashqi kanallarini yo‘lga qo‘yish, ozuqa bazasini kengaytirish va tarmoqni tizimli rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlari kelgusida ushbu mahsulot narxining barqarorlashtirishga olib keladi”, dedi Mamarizo Nurmuratov.

Avvalroq, Markaziy bank Boshqaruvining 2020 yil 5 martdagi qarori bilan asosiy stavka yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgani haqida xabar bergan edik. 

Jahon iqtisodiyotida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy muammolar O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham muayyan darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi Markaziy bankining rasmiy axborotida aytib o‘tildi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank go'sht

Baholaganlar

256

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing