Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Jamiyat

image

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda bugun, 15 iyun kuni Markaziy bank yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Keltirilishicha, joriy yil may oyida umumiy inflyatsiya yillik hisobda 10,4 foizgacha sekinlashgan. Bunda bazaviy inflyatsiya sekinroq pasayib 12,4 foizni tashkil etgan.

Keng qamrovli inflyatsion jarayonlarning yumshab borayotgani iste’mol savatidagi narxi 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlarning ulushini 50 foizgacha kamayishiga imkon bergan. Biroq ushbu ko‘rsatkich 2020-2021 yillardagi 30-40 foizdan yuqori darajada shakllangan.

“O‘tgan yilgi yuqori baza ta’sirlarining tugab borishi, mavsumiy omillar va tartibga solinadigan narxlarning deyarli o‘zgarishsiz saqlanganligi hamda milliy valyuta almushuv kursining nisbatan barqaror darajada bo‘lgani inflyatsiyaning pasayishiga xizmat qilgan asosiy omillardan bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.

Ayni paytda inflyatsiyaning uzoq muddatli komponentlarida barqaror pasayish tendensiyasi sekin shakllanmoqda.

Keyingi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalarini pasayuvchi trendi davom etib, may oyida 13,7 foizni tashkil etdi. Ichki iqtisodiy sharoitlarning barqarorlashib borayotgani tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarining 13,5 foizgacha pasayishida o‘z aksini topdi.

Iqtisodiy faollikning muqobil ko‘rsatkichlarining aksariyati joriy yilning aprel-may oylarida o‘suvchi dinamikani davom ettirib, uzoq muddatli tendensiyadan yuqoriroq shakllangan. Banklararo bitimlar hajmi hamda savdo va pullik xizmatlardan tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan mos ravishda
1,6 va 1,4 barobarga oshgani iqtisodiyotda yuqori iste’mol faollikning saqlanib qolayotganligidan dalolat beradi.

Global inflyatsiya jarayonlari, asosan, energetika va xomashyo bozorlaridagi narxlarning o‘tgan yilgi oshiruvchi ta’sirining kamayishi hisobiga sekinlashayotgan bo‘lsada, inflyatsiyaning target ko‘rsatkichlaridan balandligi va xizmatlar sohasidagi oshiruvchi xatarlar saqlanib qolayotgani tashqi moliyaviy sharoitlarning qat’iy shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘tgan yilning ikkinchi yarmidan boshlab banklararo pul bozorida Uzonia stavkasi va o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari foiz koridori doirasida 13,5 foiz atrofida shakllangan. Pul bozorini nisbatan uzoqroq muddatli segmentlaridagi foiz stavkalar, likvidlikning tarkibiy profitsitini kamayib borishi sharoitida, nisbatan o‘suvchi dinamikani kasb etgan.

Joriy yilning may oyida jismoniy va yuridik shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari mos ravishda 20,8 va 17 foizni tashkil etib, jami muddatli depozitlarning o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga, aholi depozitlarini esa 1,6 barobarga o‘sishi kuzatildi.

Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari may oyida biroz pasayib, 22,8 foiz darajasida shakllandi. O‘z navbatida, kreditlash hajmining o‘sishi asosan chakana kreditlarni yuqori sur’atlarda o‘sishi hisobiga ta’minlanmoqda. May oyi yakunlari bo‘yicha chakana kreditlar qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga ko‘paygan.

Makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida 2023 yil yakuniga qadar inflyatsiyaning 8,5-9,5 foizgacha pasayishi hamda inflyatsiyani pasaytiruvchi omillar ta’sirini oshiruvchi omillarga nisbatan kuchliroq bo‘lishi kutilmoqda.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi va tashqi sharoitlarning narxlarga nisbatan ta’sirlarni mo‘’tadilligi inflyatsiyani pasaytiruvchi omillar sifatida qaralmoqda.

Joriy yilda ham fiskal harajatlarning o‘sish sur’atlari va iqtisodiyotni rag‘batlartirishdagi o‘rni yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Fiskal sharoitlar yumshoq shakllanayotgan va kreditlar o‘sishi yuqori bo‘lgan davrda pul-kredit sharoitlarining ham yumshatilishi narxlarga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirishi mumkin.

Shuningdek, umumiy inflyatsiyaning so‘nggi oylardagi pasayishiga qaramay oziq-ovqat va xizmatlar guruhlarida ayrim tovarlar bo‘yicha narxlarning o‘sish sur’atlarining balandligi amaldagi pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqazo qiladi.

Bunda kelgusi davrlarda bazaviy inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning barqaror pasayish trayektoriyasiga o‘tishi, iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini yuzaga keltirishi mumkin.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirlarini sinchikovlik bilan baholashda davom etadi va pul-kredit instrumentlari inflyatsiyani joriy yilgi prognoz koridori doirasida shakllanishiga qaratiladi.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 27 iyulga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank stavka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing