Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Jamiyat

image

Bugun, 29 aprel kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida – o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, umumiy inflyatsiya pasayishda davom etib, yil yakuniga prognozlarga ko‘ra 6,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, narxlarning barqarorlashuv jarayonlari sustlashib, bunga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi omillarning kuchayishi kuzatilmoqda.

2026 yil mart oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida yillik 7,1 foizgacha pasaygan. Ushbu pasayish, asosan, ayrim tovarlar bo‘yicha o‘tgan yilgi yuqori baza ta’sirlari chiqib ketishi hisobiga shakllangan. Bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etgan.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar ham mart oyida pasayishda davom etgan bo‘lsada, inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada shakllanmoqda.

So‘nggi oylardagi inflyatsiyaning keng qamrovli pasayishining sekinlashishi hamda joriy inflyatsiya tendensiyalari iqtisodiyotda ma’lum bir inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganini namoyon etmoqda.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunlari bo‘yicha umumiy inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Joriy yilning I choragida iqtisodiy faollik jadallashib, yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,7 foizga o‘sdi. Bunda xizmatlar, qurilish, savdo sohalari faollashuvi iqtisodiyotda yalpi talab omillari ustuvorligini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatga jalb etilayotgan investitsiyalar, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining barqaror oshib borayotgani kelgusi choraklarda ham iqtisodiy o‘sish omillarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Mazkur omillarni inobatga olib, 2026 yil uchun iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlar 7-7,5 foizgacha oshirilgan.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yilning 17 iyun kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 mart kuni ham O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida – o‘zgarishsiz qoldirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank asosiy stavka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing