Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Olam

image

Bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida – o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil boshidan iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning muayyan tezlashishi kuzatilgan. Natijada bazaviy inflyatsiya o‘suvchi trayektoriyaga o‘tib, fevral oyida yillik 6,3 foizni tashkil etgan. Mavsumiy omillar ta’siri kamayishi hisobiga umumiy inflyatsiya sezilarli o‘zgarishsiz 7,3 foiz darajada shakllangan.

O‘z navbatida, oziq-ovqatlar narxlaridagi o‘sish inflyatsion kutilmalarning yuqori saqlanib qolishiga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiyotda faollik yalpi talab hisobidan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu chakana va ulgurji savdo aylanmasi dinamikasida, ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari sonida hamda byudjet xarajatlari ijrosida namoyon bo‘lyapti. Mazkur omillar sanoat, xizmatlar va qurilish sohalarida o‘sish sur’atlarining barqaror davom etishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Mazkur davrda ishlab chiqaruvchilar narxlarining sezilarli o‘sishi kuzatilgan. Yuqori talab fonida bu kelgusi davrlarda ishlab chiqaruvchilar xarajatlarining yakuniy narxlarga o‘tib borishi va ularning iste’mol narxlarida aks etishi ehtimolini oshiradi.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi ham narxlarga oshiruvchi xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar oqibatida jahon bozorida kutilayotgan energiya resurslari va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi, shuningdek, logistika kanallaridagi o‘zgarishlar tufayli tashish xarajatlarining ortishi kuzatilishi mumkin. Bu esa kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qo‘shimcha bosimlarning shakllanishiga sabab bo‘ladi.

Asosiy savdo hamkorlari valyutalarining nisbatan barqaror shakllanishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar yaxshilanishi, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari o‘sishining barqaror davom etishi milliy valyutaning real almashuv kursiga nisbatan sezilarli bosimlar yuzaga kelmasligini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yilning 29 aprel kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 28 dekabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida – o‘zgarishsiz qoldirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank asosiy stavka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing