Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Jamiyat

image

Bugun, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida – o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi. 

Bildirilishicha, joriy yilning uchinchi choragida ham iqtisodiy faollik tendensiyalari davom etgan. Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’minlanishi, o‘tgan yildagi inflyatsiya omillari hissasi chiqib ketishi va almashuv kursi mustahkamlanishining tovarlar narxlariga barqarorlashtiruvchi ta’siri sentyabr oyida yillik inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qildi.

Shu bilan birga, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bog‘liq narxlarni oshiruvchi xatarlar va xizmatlar inflyatsiyasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

2025 yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya darajasi 0,8 foiz bandga pasayib, yillik 8 foizga teng bo‘lgan. Bunda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflyatsiyasi yillik 6,1 foizgacha sekinlashib, pasaytiruvchi hissa qo‘shgan. Xizmatlar inflyatsiyasi, jumladan, tartibga solinadigan narxlar ta’sirisiz ham, talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Qat’iy pul-kredit sharoitlari hisobiga talab omillarining biroz maqbullashishi hamda almashuv kursi mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflyatsiya pasayuvchi dinamikaga o‘tgan va sentyabrda yillik 7 foizgacha sekinlashgan. Jumladan, so‘mning mustahkamlanishi import inflyatsiyasining sekinlashishiga xizmat qilib, nooziq-ovqat tovarlari narxlarining ma’lum darajada barqarorlashuviga yordam bermoqda.

So‘nggi oylarda iste’mol savatida narxlari o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgan tovar va xizmatlarning ulushi oshib bormoqda hamda narxlar barqarorlashuvi keng qamrovli xususiyatga ega bo‘la boshlaganini ko‘rsatmoqda. Sentyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etgan, biroq ular joriy va prognoz inflyatsiya sur’atlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yil yakuniga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi va 8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Joriy yilning III choragidagi yuqori iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik kelgusi chorakda ham davom etib, yil yakunida YAIM real o‘sishi 7-7,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Aholi real daromadlari oshishi va chakana kreditlash faolligi xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda va iste’mol talabini oshirmoqda. Bu, o‘z navbatida, kelgusida iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarni saqlanib qolishiga xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, energiya narxlari erkinlashtirilishining kelgusi oylarda inflyatsiyaga ikkilamchi ta’sirlari namoyon bo‘lishi hamda ayrim tovarlar taklifi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelishi ehtimollari saqlanib qolmoqda.
Ushbu sharoitda inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom etishini ta’minlash pul-kredit sharoitlarini joriy nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotda jamg‘arish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash sur’atlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillarning ta’sirini kamaytiradi.

“Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 11 dekabr kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvi 11 sentyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank asosiy stavkani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing