Markaziy bank asosiy stavkani 14% etib belgiladi

Jamiyat

image

Bugun, 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 14 foiz darajasida belgilandi. Bu haqda Markaziy bank Matbuot xizmati xabar berdi.

“Iqtisodiyotda inflyatsiya darajasi o‘zining yuqori nuqtasiga chiqib, pasayish tendensiyasiga o‘tganligi kuzatila boshladi. Ayni paytda, qat’iy tashqi moliyaviy sharoitlarning ichki iqtisodiy faollikka salbiy ta’siri bo‘yicha signallar paydo bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.

Asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishi o‘tgan yil mart oyida xatarlar uchun foiz stavkaning oshirish orqali qo‘yilgan qo‘shimcha yuklamani to‘liq olib tashlash imkonini beradi.

Bunda, yillik 14 foiz darajasidagi asosiy stavka inflyatsiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5-9,5 foiz) nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlar saqlanib qolinishini ta’minlaydi.   

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 12,2 foizgacha biroz pasaydi va kelgusi chorakda sezilarli pasayishi bo‘yicha ishonch ortib bormoqda. Kuzatuvlarga ko‘ra, iste’mol bozorlarida mart oyining dastlabki ikki haftasida asosiy oziq-ovqat narxlari nisbatan muvozanatlashib, yanvar oyidagi o‘sishdan keyin pasayish dinamikaga o‘tganligi kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, mavsumiy va ma’muriy ta’sirga ega bo‘lgan ayrim tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘zgarishini inobatga olmasdan hisoblangan bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘tgan yilning ikkinchi choragidan boshlangan o‘sib borish trendi joriy yil boshidan pasayish tendensiyasiga o‘zgarib, dekabrdagi 13,8 foizdan yanvarda 13,3 foizgacha va fevralda 13,2 foizgacha sekinlashdi.

Fevraldagi so‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalarning yanvar natijalariga nisbatan sezilarli darajada pasayganligini kuzatildi, bu esa bazaviy inflyatsiya dinamikasi bilan birgalikda, kelgusi oylarda narxlarning barqarorlashishi uchun sharoitlarni yaratadi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda ma’lum darajadagi xatarlar va noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Fevral oyida global inflyatsiya, asosan, energetika va oziq-ovqat sektoridagi narxlarning pasayishi ta’sirida sekinlashishda davom etdi.  

Yetakchi markaziy banklarning inflyatsiyani pasaytirish bo‘yicha qat’iy pozitsiyalari bilan bir qatorda, xalqaro bank sohasida kuzatilayotgan vaziyatlar fonida xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabning oshishi, moliya va xomashyo bozorlaridagi tebranuvchanlikni oshirmoqda.

Jahon oziq-ovqat bozorlarida shakllanayotgan narxlar va kutilmalar, O‘zbekistonga import qilinadigan tovarlar bo‘yicha qulay sharoitlar yuzaga kelishiga asoslarni yaratmoqda. Bu, o‘z navbatida, oziq-ovqat guruhlarida import inflyatsiyasining oshiruvchi ta’sirlarini jilovlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-fevral oylarida ichki iqtisodiy sharoitlarda qisqa muddatli xatarlar ta’siri qisman namoyon bo‘ldi. Yanvar oyi yakuni bo‘yicha chakana savdo, sanoat ishlab chiqarish va qurilish ishlari o‘sish sur’atlarida sekinlashish kuzatildi.

Xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgani bilan, ushbu sohadagi o‘sish sur’atlari boshqa sohalardan yuqori bo‘lmoqda. Xatarlarning vaqtinchalik xususiyati va o‘z vaqtida ko‘rilgan choralarni hisobga olganda, birinchi yarim yillik yakuniga borib iqtisodiy faollikning muvozanatlashuvi va tarmoq ko‘rsatkichlarining tiklanishi kutilmoqda.

Joriy yilning dastlabki oylarida monetar sharoitlar indeksi real samarali almashuv kursi va real foiz stavkalar dinamikasi hisobiga nisbatan qat’iy fazada shakllandi.

Pul bozorida Uzonia stavkasi o‘zgarishlarsiz 14 foiz darajasida shakllanayotgan bo‘lsada, operatsiyalar hajmining sezilarli darajada oshib borishi, banklar tomonidan qisqa muddatli resurslarning qayta taqsimlanishida ushbu bozorning ahamiyati oshib borayotganligini ko‘rsatmoqda.  

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 27 aprelga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing