Mariya Zaxarova O‘zbekistondan kechirim so‘rasin – Minhojiddin Mirzo
Jamiyat
−
27 Sentabr
13587Avvalroq, Toshkentdagi maktabda sodir bo‘lgan holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova O‘zbekistondan izoh berishini so‘ragandi. Zaxarovaning O‘zbekiston ichidagi voqeaga “burun suqishi”ga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo munosabat bildirdi.
"Bu nimasi?! Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Zaxarova Toshkent maktablaridan biridagi voqea bo‘yicha tushuntirish so‘rabdi. Bu hayot, gohida tushunmovchiliklar oqibatida ayrim shaxslar o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Qonun bor, tartib-intizom bor. Kerakli choralar albatta ko‘riladi. O‘zbekiston o‘zining muammolarini o‘zi hal qiladi. Aybdor jazosini oladi. Bu alohida masala.
Meni hayron qoldirgani, maktab O‘zbekistonda, o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham O‘zbekiston fuqarosi. Nega mustaqil bir davlatda bo‘lgan bir holat uchun Moskvaga tushuntirish berilishi kerak?!" deydi Minhojiddin Mirzo.
U mazkur holat O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish va xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi ekani ochiq oydin ko‘rinib turganini urg‘uladi.
"Nima, ular haligacha O‘zbekistonni ham o‘zining guberniyasi deb hisoblamoqdami yo andishaning otini qo‘rqoq deb o‘ylashyaptimi? Bir necha rasmiy, norasmiy shaxslari suverenitetimizni shubhaga oldi, tariximizni kamsitdi, vazmin munosabat bildirdik. Migrantlarni bilgan ko‘yiga solyapti. Indamagan sayin borgan sari haddidan oshishyapti.
Mariya Zaxarova bu gaplari uchun O‘zbekistondan kechirim so‘rasin! Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunday hurmatsizlik uchun tushuntirish bersin!" deydi Minhojiddin Mirzo.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yilning 23 sentyabr kuni Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida 6-sinfida rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan.
So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Mazkur voqea videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘rab, mazkur masala diqqat-e’tibor markazida tutishini bildirdi.
Shundan so‘ng, bir qator o‘zbekistonlik rasmiylar, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanovlar Mariya Zaxarovaning talabiga munosabat bildirib, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikni, uni mamlakatni o‘zi o‘z qonunlari doirasida hal qilishini aytdi.
Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadovga umumiy fuqarolik va diplomatik odob-axloq qoidalariga rioya qilishga qaratilgan taqdimnoma kiritdi.
Kecha, 26 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Suhbat davomida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilishi muhimligi ta’kidlandi.
LiveBarchasi