Maradonaning yirtilgan formasi rekord narxda sotildi
Sport
−
25 dekabr 2025 8383 1 daqiqa
Argentinalik futbol afsonasi Diyego Maradonaning 1984 yilgi yirtilgan formasi “Matchday Football Auctions” kimoshdi savdosida 179 ming dollarga sotildi. Bu haqda “Mundo deportivo” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, futbolka dastlab 145 ming dollarga sotilgan, biroq 23 foizlik komissiya qo‘shilgach, uning yakuniy narxi 179 ming dollarni tashkil etgan. Bu natija Maradonaga tegishli futbolkalar orasida auksionda sotilgan eng qimmat forma sifatida qayd etildi.
Mazkur libos 1984 yilgi Ispaniya Kubogi finalida yirtilgan. O‘sha uchrashuvda Maradona to‘p surgan “Barselona” jamoasi Madriddagi “Santyago Bernabeu” stadionida “Atletik Bilbao”ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Bahs yakunida maydonda ommaviy mushtlashuv yuz bergan.
O‘yindan so‘ng formani jamoa kiyimlarini yuvishga tayyorlayotgan ayol topib olgan. Yirtilgan va foydalanishga yaroqsiz deb hisoblagan futbolkani ayol o‘z do‘stiga bergan, keyinchalik esa u meros tariqasida uning o‘g‘liga o‘tgan. Oradan qariyb 40 yil o‘tgach, futbolka kimoshdi savdosiga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, Diyego Maradona 2020 yilda 60 yoshida vafot etgan. U 1986 yilgi jahon chempioni, shuningdek, “Barselona” safida Ispaniya La Ligasi, Ispaniya Superkubogi va Ispaniya kubogini qo‘lga kiritgan. “Napoli” bilan esa ikki marta Italiya chempioni bo‘lib, bir marta Italiya kubogi va UEFA kubogida g‘olib chiqqan.
Live
Barchasi