Maradonaning 1986 yilgi goli kumush tangada aks ettirildi

Sport

image

Argentina Markaziy banki (BCRA) 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati arafasida yangi kumush tanga chiqardi. Unda 1986 yil Meksikada bo‘lib o‘tgan mundial chorak finalida Diyego Maradonaning Angliyaga urgan mashhur goli tasvirlangan. Bu haqda “Besoccer” nashri xabar berdi.

BCRA bayonotida ushbu gol “Jahon chempionati tarixidagi eng buyuk gol” sifatida e’tirof etiladi. Tanga dizayni Maradonaning maydon yarmidan yugurib, to‘rtta ingliz futbolchisi va darvozabon Piter Shiltonni ortda qoldirib, gol urgan holatini tasvirlaydi. Ushbu zarba Argentina terma jamoasini chorak finalda 2:0 hisobida oldinga olib chiqqan, keyinchalik esa jamoa turnirni g‘alaba bilan yakunlagan.

BCRA ma’lumotiga ko‘ra, tanga 925 probali kumushdan tayyorlangan bo‘lib, 27 gramm og‘irlikda va 40 millimetr diametrda zarb qilingan. Ichki bozor uchun atigi 2 500 dona chiqarilgan, 10 Argentina pesosining ramziy nominal qiymatiga ega. Dizayn Markaziy bankning Strategik g‘aznachilik bo‘limi tomonidan yaratilgan, tanga esa Ispaniyaning qirollik zarbxonasi La Fá Nacional de Moneda y Timbre tomonidan tayyorlangan.

Mazkur kumush tanga 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatiga bag‘ishlangan xalqaro esdalik tangalar dasturining bir qismi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 1986 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati Meksikada 31 maydan 29 iyungacha o‘tkazilgan. Turnir finalda Argentina G‘arbiy Germaniyani 3:2 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixidagi ikkinchi jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Diego Maradona Meksika 1986 Piter Shilton

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing