Marhamatda o‘qituvchilar sazoyi qilingan yig‘ilish materillari Bosh prokuraturaga oshirildi
Jamiyat
−
11 fevral 2022
6705Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Marhamat tumanida maktab o‘qituvchilari o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘rashga majburlangani yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi o‘qituvchilarning ota-onalar oldida uzr so‘ragani yuzasidan Xalq ta’limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
“O‘rganish davomida maktab o‘qituvchilari 300 dan ortiq ota-onalar oldida qadr-qimmati obro‘sizlantirilib, kamsitilib, yig‘lab kechirim so‘rashga majburlanib, ularning qonun bilan himoyalanadigan huquqlari poymol etilib, ishchanlik qobiliyatiga zarar yetkazilganligi yuzasidan tegishli hujjatlar to‘plandi.
Tuman hokimligi tashabbusiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirdagi voqealar hamda bir qator mas’ullarning harakatlariga qonuniy baho berilishini ta’minlash uchun to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etildi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning 8 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabar bergan edik.
9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov holatga munosabat bildirib, o‘qituvchilardan uzr so‘radi.
Qolaversa, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov Marhamat tumanida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘ratish tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazishga topshiriq berilgan. Shu sababdan XTB boshlig‘i tuman hokimining mazkur holat bo‘yicha shaxsan o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilgan.
LiveBarchasi