Andijonda mast erkaklar do‘kon egasini kaltakladi (video)
3-sahifa
−
11 avgust 6371 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Marhamat tumanida bir guruh shaxslar mast holatda bir yigitni do‘pposlagani aks etgan videolar tarqaldi. Xabarlarda deputat va amaldorlar 5 kishi bo‘lib 1 kishini do‘pposlagani va yigitning o‘zini besh sutkaga qamab qo‘ygani aytilgan. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, videoda aks etgan holat joriy yilning 27 iyul kuni soat 18:58 da Marhamat tumanining O‘zbekiston mahallasi Buyuk turon ko‘chasida joylashgan MIMO nomli salqin ichimliklar do‘konida sodir bo‘lgan. Fuqaro A.A. mast holatda do‘kon egasi A.B. bilan o‘zaro gap talashishi oqibatida o‘rtada janjal kelib chiqqan.
Ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida tayinlangan sud-tibbiy ekspertizalarining tegishli xulosalarida fuqaro A.B.da sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga olib kelmaydigan yengil tan jarohati aniqlangani, fuqaro A.A.da esa tan jarohatlari aniqlanmagani ko‘rsatilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Marhamat tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv yakuni yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hodisa ishtirokchilarining shaxsiga aniqlik kiritmagan va ularning deputat yoki amaldor ekani haqidagi tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni na rad etgan, na tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ona va kelin qarindoshlari bilan omma oldida o‘g‘li bilan nikohsiz yashab kelayotgan qizni kaltaklab, uni kiyimsiz holatda qoldirgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi