Maosh 2,5 ming yevro: pingvin sanash uchun ishchi qidirlmoqda

Bu qiziq

−

image

Antarktikada pingvinlarni sanash, sayyohlarni kutib olish va otkritkalarga muhr bosish bilan shug‘ullanish uchun oyiga 2,5 ming yevrogacha maosh to‘lanadigan ish taklif qilinmoqda. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.

Qayd etilishicha, jamg‘arma har yili to‘rt yoki besh kishidan iborat jamoani tanlaydi. Xodimlar noyabrdan martgacha davom etadigan Antarktika yozida Gude orolida ishlaydi. Ularning vazifalariga sayyohlarni kutib olish, muzey va suvenirlar do‘konini boshqarish, shuningdek, pingvinlar koloniyasini kuzatish kiradi.

Port-Lokroy 1944 yilda Ikkinchi jahon urushi davrida Britaniya harbiy bazasi sifatida tashkil etilgan. 1962 yilda tashlab ketilgan baza qariyb 30 yil o‘tib qayta tiklangan. Bugungi kunda u tarixiy obida sifatida muhofaza qilinadi. U yerda kichik muzey, suvenirlar do‘koni va dunyoning eng janubiy pochta bo‘limi joylashgan.

Mavsum davomida bazaga ekspeditsiya kemalarida minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Xodimlar har yili 80 mingdan ortiq otkritkani qo‘lda saralaydi va ularga muhr bosadi.

Ishning muhim qismi orolda yashaydigan Gentu pingvinlari koloniyasini kuzatishdan iborat. UKAHT ma’lumotiga ko‘ra, koloniyada qariyb 1 000 ta pingvin bor. Ularni kuzatish dasturi 1996 yildan buyon Britaniya Antarktika tadqiqotlari xizmati tomonidan olib boriladi.

Tadqiqotlar pingvinlarning ko‘payish darajasini va sayyohlar tashrifining ularga ta’sirini o‘rganishga qaratilgan. Port-Lokroy Antarktidada olimlar bir mavsum davomida butun koloniyani kuzatib, har yili ma’lumot to‘play oladigan yagona joy hisoblanadi.

2024 yil dekabr oyida o‘tkazilgan hisob-kitobda 571 ta uya va 938 ta tuxum qayd etilgan. Kuzatuvlar davomida pingvinlarga imkon qadar kam xalaqit berishga harakat qilinadi.

Ish haqi lavozimga qarab belgilanadi. Baza boshqaruvchisi, do‘kon menejeri va yordamchi xodimlar oyiga 1 449 funtdan 2 096 funtgacha, ya’ni taxminan 1 715–2 481 yevro maosh oladi. Bu soliqdan oldingi miqdor bo‘lib, xodimlar soliqlarni o‘zlari to‘laydi. Tashkilot turar joy, oziq-ovqat va issiq kiyim bilan ta’minlaydi.

Biroq oroldagi yashash sharoiti ancha murakkab. U yerda markaziy suv ta’minoti mavjud emas, ichimlik suvi esa tashrif buyuradigan kemalardan 20 litrlik idishlarda olib kelinadi. Shu sababli xodimlar haftasiga bir marta dush qabul qilishi mumkin. Ob-havo yomonlashib, kemalar bora olmasa, ikki haftagacha yuvinish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin.

Elektr energiyasi faqat quyosh panellari orqali olinadi. Shu bois fen va mikroto‘lqinli pechlardan foydalanib bo‘lmaydi. Oddiy mobil aloqa ham mavjud emas, internet esa sun’iy yo‘ldosh aloqasi yoki yaqin atrofda turgan kemalarning Wi-Fi tarmog‘i orqali ishlaydi.

Xodimlar qayta jihozlangan barakda umumiy ikki qavatli karavotlarda yashaydi. Xona ichidagi harorat 14–15 daraja atrofida bo‘ladi, tashqarida esa harorat −5 dan +5 darajagacha o‘zgaradi. Hojatxona ham oddiy ko‘rinishda bo‘lib, u har kuni qo‘lda bo‘shatiladi.

Nomzodlar kamida 18 yoshda bo‘lishi kerak. Yosh bo‘yicha yuqori chegara belgilanmagan, ilmiy ma’lumotga ega bo‘lish ham talab etilmaydi. Biroq jismoniy tayyorgarlik muhim: ish qor kurash, qayiqlardan yuk tushirish va 15 kilogrammgacha bo‘lgan qutilarni ko‘tarishni o‘z ichiga oladi. Chekish taqiqlangan.

Shuningdek, nomzod Buyuk Britaniyada yashashi va mamlakatda ishlash uchun amaldagi ruxsatnomaga ega bo‘lishi shart. Keyingi arizalar qabuli kelasi yil boshida UKAHT jamg‘armasining rasmiy saytida ochilishi kutilmoqda.

Pingvinlarni qo‘llab-quvvatlashni istaganlar uchun ham imkoniyat bor: jamg‘arma uyda turib Gentu pingvinini ramziy ravishda asrab olish dasturini taklif qiladi. Dastur doirasida ishtirokchilarga Antarktidadan yuborilgan otkritka, o‘yinchoq pingvin, ma’lumotlar to‘plami va sertifikat beriladi. Jamg‘arma tushgan mablag‘lar pingvinlar koloniyasini kuzatish va tabiatni muhofaza qilish ishlariga yo‘naltirilishini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing