Mansabdorlarni noqonuniy boylik orttirishi bo‘yicha jazolash JKga kiritiladi
Jamiyat
−
23 noyabr 2020
5085O‘zbekistonda mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda. Ushbu tartib korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” loyihasiga kiritilgan. Bu haqda joriy yilning 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining 2-yig‘ilishida so‘z borgan. Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy kengash raisi Tanzila Norboyeva qatnashgan.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashishda Milliy kengash va har bir idoraning faolligini oshirish bo‘yicha bir qator muhim yo‘nalishlar belgilab olingan. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish va uning loyihasini keng jamoatchilik, fuqarolar o‘rtasida ommaviy muhokamasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibini joriy qilish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish lozimligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi joriy yilning yanvar – sentyabr oylarida O‘zbekistonda 647 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar bergan edi. Ular orasida 34 nafar bank rahbarlari, 59 nafar Ichki ishlar vazirligi xodimlari, 7 nafar hokim o‘rinbosarlari, hatto Milliy gvardiya tizimidagi mansabdorlar ham borligi ma’lum qilingan.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi