Mamdani nima uchun Netanyaxuni hibsga oldira olmasligini tushuntirdi (video)

Olam

image

Nyu-York shahri meri Zohron Mamdani Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni shaharga tashrif buyurgan taqdirda hibsga oldirish bo‘yicha mustaqil huquqiy vakolatga ega emasligi haqida ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 22 iyul kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi video bayonotida so‘z ochdi.

Mamdani, avvalroq Netanyaxuni hibsga olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi. Biroq keyinchalik u bunday vakolatga ega emasligi haqida xulosaga kelganini bildirdi.

Mustaqil huquqshunoslarning aytishicha, Mamdani bunday qaror qabul qila olmaydi. Chunki AQSH amaldagi davlat rahbarlari va BMTga a’zo davlatlar vakillarining immunitetini tan oladi. Shuningdek, AQSH Xalqaro jinoyat sudi (XJS) a’zosi emas.

Nima uchun Mamdani Netanyaxuni hibsga olmoqchi edi?

Gaagada joylashgan Xalqaro jinoyat sudi 2024 yilda G‘azo urushi vaqtida sodir etilgan deb baholangan harbiy jinoyatlar bo‘yicha Binyamin Netanyaxuga nisbatan hibsga olish orderini chiqargan. Isroil sud yurisdiksiyasini tan olmaydi va harbiy jinoyatlar sodir etganini rad etadi.

“The New York Times” nashriga 18 iyul kuni berilgan intervyuda Mamdani Netanyaxuni “harbiy jinoyatchi” deb atagan va agar u sentyabrda BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka kelsa, shaharning huquqiy boshqarmasi uni hibsga olish mumkin yoki mumkin emasligini o‘rganayotganini aytgan edi.

4 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan shahar merligi saylovlari oldidan olib borilgan saylovoldi kampaniyasi davomida ham Mamdani shunga o‘xshash bayonotlar bilan chiqqan.

Keyinchalik, 22 iyul kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda u bunday vakolat mavjud emasligiga ishonch hosil qilganini ma’lum qildi.

“Bu orderni ijro etish bo‘yicha mustaqil huquqiy vakolatimiz yo‘qligi aniq”, degan Mamdani.

Qonun bu haqda nima deydi?

Xalqaro huquq bo‘yicha ekspertlar Mamdani Netanyaxuni hibsga olishni buyura olmasligining bir nechta huquqiy asoslari borligini aytdi.

Harvard huquq maktabi professori, XJSning sobiq prokurori va AQSH Adliya vazirligining sobiq amaldori Aleks Uaytingning ta’kidlashicha, AQSH XJS a’zosi bo‘lmagani uchun mamlakat qonunchiligida sudning hibsga olish orderlarini ijro etish mexanizmi mavjud emas.

Bundan tashqari, 2002 yilda qabul qilingan “Amerika harbiy xizmatchilari himoyasi to‘g‘risidagi qonun”i (“American Service-Members Protection Act”) AQSHga har qanday shaxsni, uning fuqaroligidan qat’i nazar, Xalqaro jinoyat sudiga topshirishni taqiqlaydi.

Shuningdek, Kardozo huquq maktabi professori va AQSH Davlat departamentining sobiq huquqshunosi Rebekka Ingberning aytishicha, amaldagi hukumat rahbarlari AQSH sudlarida hibsga olinish va jinoiy javobgarlikka tortilishdan umumiy immunitetga ega. Bundan tashqari, BMTga a’zo davlatlar vakillari BMT yig‘ilishlariga kelib-ketish vaqtida ham huquqiy immunitetdan foydalanadi.

Federal hukumat Netanyaxuni hibsga olishi mumkinmi?

Mamdani o‘z videomurojaatida federal hukumatni Xalqaro jinoyat sudi orderini ijro etishga chaqirgan. Biroq Aleks Uaytingning aytishicha, bunday holat yuz berishi uchun AQSH avval Xalqaro jinoyat sudiga a’zo bo‘lishi va “Amerika harbiy xizmatchilari himoyasi to‘g‘risidagi qonun”ni bekor qilishi lozim. Hatto shundan keyin ham BMT va AQSH o‘rtasidagi BMT vakillariga immunitet beruvchi kelishuv huquqiy to‘siq bo‘lib qoladi.

Qolaversa, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham 20 iyul kuni ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Netanyaxu AQSH hududida bo‘lgan vaqtida hibsga olinmasligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 14 iyul kuni Istanbulning 11-Oliy jinoyat sudi Tel-Aviv tomonidan G‘azo sektori uchun insonparvarlik yordami olib ketayotgan flotiliyaning to‘xtatib qolinishi munosabati bilan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha xalqaro order berish haqida qaror chiqargandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing