Malida harbiylar vaqtinchalik Prezident va Bosh vazirni hibsga oldi
Olam
−
25 may 2021
5505Afrikaning Mali davlatida harbiylar mamlakatning muvaqqat Prezidenti Ba Ndau va Hukumat rahbari Moktar Uanni hibsga olishdi. Ular kecha, 24 may kuni Bamako yaqinidagi Kati harbiy bazasiga olib ketilgan, deb xabar bermoqda “Interfax”.
O‘tish davri hukumati 14 may kuni iste’foga chiqqan va vaqtinchalik Prezident kabinet rahbariga yangi hukumat tuzishni buyurgan. Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi tuzilganligi kecha, 24 may kuni ma’lum bo‘lgan.
Uning tarkibiga Ichki xavfsizlik vaziri Modibo Kone va Mudofaa vaziri Sadio Kamara kiritilmagan. Ularning chetlashtirilishi uchun hech qanday sabablar ko‘rsatilmagan, ammo bu qadam o‘tish hukumati ichidagi siyosiy ziddiyat kuchayganidan darak beradi.
Vaqtinchalik Prezident va Bosh vazirning hibsga olinishi harbiylarning yangi hukumat tarkibiga munosabati bo‘lishi mumkin. Ayni paytgacha vaqtinchalik Prezident va Bosh vazir tomonidan hech qanday izoh berilmagan.
Mali poytaxtidagi AQSH elchixonasi “Bamakodagi harbiy faollik oshgani to‘g‘risida xabarlar” olganini aytgan va Bamakodagi amerikaliklarni o‘z harakatlarini cheklashga chaqirgan. Kechqurun ko‘chalarda tartibsizliklar boshlangan.
Ma’lumot o‘rnida, bundan avval mamlakatning sobiq Prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta harbiylar bosimi ostida iste’foga chiqqandi. Keyta “lavozimida qolish uchun qon to‘kishni istamasligini” aytgan.
LiveBarchasi