Malayziyaning sobiq bosh vaziri 15 yilga qamaldi
Olam
−
08:48 673 2 daqiqa
Malayziyaning sobiq bosh vazir Najib Razak mansabni suiiste’mol qilish va moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha aybdor deb topildi. Bu haqda “The Star” xabar berdi.
Kecha, 26 dekabr kuni Kuala-Lumpur Oliy sudi ko‘p yillik sud jarayonlari yakunida sobiq bosh vazirni mansabni suiiste’mol qilish bo‘yicha to‘rt epizod va pul yuvish bo‘yicha 21 epizodda “shubhasiz” aybdor deb topgan. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, sud Najib Razakka 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Sud hukmining asoslovchi qismida aytilishicha, ayblanuvchining bu ishlar “siyosiy sabablar bilan uyushtirilgan ta’qib” degan da’volari sovuq, qat’iy va inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bilan rad etilgan. Ushbu dalillar Najib Razak davlatning 1MDB investitsiya jamg‘armasidagi qudratli mavqei va keng vakolatlarini suiiste’mol qilganini ko‘rsatadi. Shuningdek, u yuzlab million AQSH dollari nega uning shaxsiy bank hisobiga kelib tushganini ham izohlab bera olmagan.
Uch yil davom etgan 302 ta sud majlisidagi sud ma’lumotlariga ko‘ra, davlat investitsiya jamg‘armasidan o‘zlashtirilgan 462 million yevroga teng mablag‘ bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqilgan. Najib Razak 2009–2018 yillarda Malayziya bosh vaziri lavozimida ishlagan va ayni paytda mamlakat moliya vaziri ham bo‘lgan.
72 yoshli Najib hozirda davlat jamg‘armasi bilan bog‘liq avvalgi ish bo‘yicha chiqarilgan hukm asosida olti yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. To‘rt kun avval sud uning qolgan muddatini uy qamog‘iga almashtirish haqidagi iltimosini rad etgan.
Najib davridagi korrupsiya va qarindosh-urug‘chilik sababli uning nufuzli UMNO partiyasi (Birlashgan Malay milliy tashkiloti) so‘nggi ikki saylovda mag‘lubiyatga uchragan. Etnik jihatdan musulmonlar ko‘pchiligini tashkil etgan bu partiya 1957 yilda mustaqillikka erishilganidan buyon Malayziyada hukmronlik qilib kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol faoliyatini tergov qilayotgan maxsus prokuratura jamoasi unga nisbatan 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘ragandi.
Live
Barchasi