Malayziyalik sayyohlar Umra ziyoratini Samarqand va Buxoro orqali amalga oshirishadi

Jamiyat

image

Samarqand va Buxoro malayziyalik turistlar uchun O‘zbekiston orqali Umra ziyoratini amalga oshirish maskanlariga aylanishi mumkin. Bu haqda “Parlamentarizmni rivojlantirish: O‘zbekiston va Malayziya tajribasi” mavzuida bo‘lib o‘tgan videokonferensaloqa formatidagi parlament forumida so‘z borgan. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov va Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri o‘rinbosari Mohd Rashid bin Hasan ishtirok etdi.

Saidovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyodagi asosiy va uzoq muddatli hamkorlardan biri bo‘lgan Malayziya bilan ikki tomonlama muloqotni faol hamda jadal rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratib kelmoqda.

Mohd Hasan Malayziya va O‘zbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega ekanligini e’tirof etar ekan, mamlakatimizga tashrifi davomida o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa, butun dunyoga mashhur va islom ziyoratgohlari sifatida tan olinadigan Samarqandu Buxoro malayziyalik turistlar uchun jozibali joylarga, xususan, O‘zbekiston orqali Umra ziyoratini amalga oshirish maskanlariga aylanishi mumkin.

Videokonferensiya chog‘ida “O‘zbekiston — Malayziya” do‘stlik guruhi rahbari Sharofiddin Nazarov ham so‘zga chiqdi. Uning aytishicha, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy-ma’rifiy, siyosiy munosabatlarni o‘rnatishda do‘stlik guruhi muhim rol o‘ynaydi. Mintaqada savdo aloqalari, turizm sohasi, raqamli iqtisodiyotni ravnaq toptirish, shuningdek, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ikki davlat ishbilarmonlik doiralarining “B2B” uchrashuvlarini tashkil etish shular jumlasidandir.

“Ayni chog‘da parlament a’zolari o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, tashqi siyosatni shakllantirishga xizmat qilyapti. Parlamentlararo diplomatiya esa endi-endi rivojlanmoqda, kamchiliklar ham yo‘q emas. Ammo do‘stlik guruhi a’zolari o‘zaro kelishuvlar, xalqaro deklaratsiyalarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishlari lozim”, deydi “Malayziya — O‘zbekiston” do‘stlik guruhi a’zosi Pang Xok Liong.

Suhbat davomida ikki taraflama hamkorlikda erishilgan natijalar qatorida parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, foydali savdo-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar rishtalarni yo‘lga qo‘yish hamda mustahkamlash haqida fikr almashilgan.

Tomonlar koronavirus tarqalishi, uni dunyo iqtisodiyotiga ta’siri, O‘zbekiston va Malayziyada ushbu kasallikka qarshi kurashish yo‘lida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar kabi masalalarni ham muhokama qilishdi. “Tojdor dushman”ni chekintirish, pandemiyaning, jumladan, ikki davlat savdo-iqtisodiy munosabatlariga ko‘rsatadigan salbiy oqibatlarini bartaraf etishda parlamentlar a’zolari roliga to‘xtalib o‘tildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Buxoro

Baholaganlar

82

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing