Malayziyada juma namoziga chiqmagan erkaklar qamalishi mumkin
Olam
−
23 avgust 2025 5019 2 daqiqa
Malayziyaning Trenganu shtati juma namoziga bormagan erkaklarni qamoq bilan jazolamoqchi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Yangi qoidaga ko‘ra, shariat qonunlari asosida birinchi marta juma namozini sababsiz qoldirgan erkak ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi, 3 ming ringgit (taxminan 8 mln 770 ming so‘m) jarima to‘lashi yoki ikkalasi birgalikda qo‘llanishi mumkin. Ushbu tartib joriy haftadan boshlab kuchga kirdi. Qoidalar Pan-Malaysian Islamic Front tomonidan e’lon qilingan.
Qayd etish joiz, avvalroq ketma-ket uch juma namozini qoldirganlarga olti oygacha qamoq yoki 1 ming ringgit (2 mln 923 ming so‘m) jarima belgilangan edi. Endi diniy patrullar hamda Trenganu Islom ishlari departamenti birgalikda nazorat ishlarini amalga oshiriladi.
Ushbu chora tanqidchilarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan.
“Bunday qonunlar Islomga yomon nom chiqaradi”, degan jamoatchilik faollari.
Unga ko‘ra, diniy erkinlik – bu faqat ishonish yoki qatnashish erkinligi emas, balki ishonmaslik yoki qatnashmaslik huquqini ham o‘z ichiga oladi. Shu sabab Trenganu hukumatining bu qarori inson huquqlarini ochiqchasiga buzmoqda. Faollar mamlakat rahbariyatini ushbu jazolarni bekor qilishga chaqirgan.
Shu bilan birga, Trenganu shtati qonunchilik majlisi a’zosi Muhammad Xalil Abdul Hadi jazo choralari faqat oxirgi chora sifatida qo‘llanishini aytib o‘tgan. Unga ko‘ra, juma namozi nafaqat diniy ramz, balki musulmonlarning itoatkorligini ifoda etuvchi amaldir.
Trenganu hukumati ushbu choralar haqida nashrning so‘roviga javob bermagan.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, aslida bu qonun 2001 yilda qabul qilingan bo‘lib, 2016 yilda Ramazon oyini hurmat qilmaslik va ayollarga ko‘chada tegajog‘lik qilish kabi jinoyatlar uchun og‘irroq jazo choralari bilan kengaytirilgan edi. Malayziyada Islom davlat dini bo‘lsa-da, mamlakatda ikki yo‘nalishda qonun tizimi amal qiladi – fuqarolik qonunlari bilan birga musulmonlarga oilaviy va shaxsiy masalalarda shariat sudlari hukmronlik qiladi. 34 million aholining taxminan uchdan ikki qismi musulmonlardan iborat.
Live
Barchasi