Maktablarning uchdan birida xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish cheklangan – UNESCO

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) butun dunyo bo‘ylab ta’lim muassasalarining deyarli uchdan bir qismi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan bir sharoitda jahon hamjamiyatini maktablarda ovqatlanish va o‘quvchilar salomatligiga e’tiborni kuchaytirishga chaqirdi. Bu haqda tashkilotning 8 fevral kuni chop etilgan “O‘rganishga va o‘sishga tayyor: Dunyo bo‘ylab maktablarda salomatlik va ovqatlanish” nomli hisobotida aytildi.

“584 million bola maktablarda oddiy ichimlik suvi xizmatlaridan juda kam yoki umuman foydalana olmaydi. Shunday bolalarning beshdan ikki qismi Sahroi Kabir va janubiy Afrika orasida yashaydi. Dunyoning deyarli har bir mamlakati maktab ovqatini ta’minlasada, taxminan 73 million bola hali ham ushbu mahalliy maktab ovqatlanish dasturlaridan foydalana olmaydi”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro tashkilotning ta’kidlashicha, o‘quvchilarning ovqatlanishini ta’minlash va sog‘lig‘ini nazorat qilish bolalarni ta’lim muassasasiga tez-tez borishga va u yerda qolishga undaydi. Faqatgina ovqatlanish tufayli davomatni 8 foizga oshirish mumkin bo‘ladi. Biroq, deyarli barcha a’zo davlatlar maktab salomatligi va ovqatlanish dasturlariga sarmoya kiritayotgan bo‘lsada, bu investitsiyalar mintaqalar bo‘yicha notekis va ko‘pincha ehtiyojlarga nisbatan yetarli emas.

“O‘quvchilar xavfsiz va sog‘lom maktablarda yaxshi ta’lim oladi. Biroq, juda ko‘p maktablarda sog‘liq va farovonlikni ta’minlash uchun vositalar, jumladan, ichimlik suvi va sanitariya manbalari yo‘q. UNESCO va uning hamkorlari xalqaro hamjamiyatni mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda. Ularning maktablarda sog‘liqni saqlash, ovqatlanish va ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan sarmoyasi bolalar o‘z salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara oladigan muhit yaratishga imkon beradi”, deydi UNESCO Bosh direktori Odri Azule.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

BMT UNESCO

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing