Maktablardagi eskirib qolgan o‘quv partalari ikki yil ichida to‘liq yangilanadi
Jamiyat
−
17 Oktabr 2020
5563O‘zbekistonda umumta’lim maktablarini jihozlash uchun ajratiladigan mablag‘lar ikki baravarga ko‘paytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ma’lum qilindi.
Uning hisobiga xizmat muddati 10 yildan oshgan o‘quv partalari 2021–2022 yillarda to‘liq yangilanadi.
Qarorga ko‘ra, 2021-2023 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish va amalga oshirish doirasida, jumladan:
– tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari va birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarining moddiy-texnik bazasi rivojlantiriladi, shuningdek tarmoqda davlat-xususiy sheriklik loyihalari kengaytiriladi;
– maktabgacha ta’lim tashkilotlari, birinchi navbatda, aholisi nisbatan zich joylashgan va qamrov darajasi past bo‘lgan aholi yashash punktlarida hamda yangi barpo etilayotgan massivlarda quriladi;
– OTMlarni qurish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari keng jalb qilinadi hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning bir qismi yo‘naltiriladi;
– ichimlik suvi tannarxini pasaytirish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida, sohaga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizi energiya tejamkor uskuna-jihozlarni o‘rnatish va maxsus texnikalarni xarid qilishga yo‘naltiriladi;
– xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga xalqaro moliya institutlari hamda xususiy sheriklarning mablag‘lari keng jalb qilinadi.
LiveBarchasi