Maktablarda Yangi yilni nishonlash taqiqlandi
Jamiyat
−
20 dekabr 2021
15387Maktablarda bolalar xavfsizligi hamda turli pul yig‘imlarining oldini olish maqsadida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq ayrim cheklovlar joriy qilinmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoni hamda Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan joriy yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ta’lim muassasalari hududida Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish mumkin emas.
Shu munosabat bilan, vazirlik tomonidan umumta’lim maktablarida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq quyidagi holatlar taqiqlandi:
• yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq har qanday tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazish;
• bayram bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish maqsadida ota-onalardan turli hil noqonuniy pul yig‘imlarini amalga oshirish;
• maktab foyesi va sinf xonalarini sun’iy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish (o‘quvchilar qo‘l mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bundan mustasno).
Istisno tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sinf rahbari hamda ota-onalar ishtirokida karantin qoidalariga rioya etgan holda, o‘z sinf xonalarida, dars mashg‘ulotlariga halaqit bermagan holda bayram tadbirlarini o‘tkazish hamda maktab hovlisida yangi yil archasini bezatishga ruxsat berilgan.
Eslatib o‘tamiz, maktablarda qishki ta’til 28 dekabrdan boshlanadi.
LiveBarchasi