Maktablarda o‘quvchi kamaysa, o‘qituvchilar maoshi qisqartiriladimi?
Jamiyat
−
26 avgust 2020
96312020-2021 o‘quv yili gibrid shaklda boshlanishi o‘qituvchilarning maoshiga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov matbuot anjumani vaqtida ma’lum qildi.
Vazir o‘quv yili gibrid shaklda boshlanadigan bo‘lsa va maktabga keluvchi o‘quvchilar soni kamayib ketsa, bu o‘qituvchilar maoshiga ta’sir qilmasligini ma’lum qildi.
“Maktabga necha foiz o‘quvchi kelib, necha foiz o‘quvchi onlayn ishtirok etishidan qat’iy nazar o‘qituvchilarning maoshi o‘zgarmaydi, kamaymaydi”, deya ta’kidladi Sherzod Shermatov.
Shuningdek, Shermatov o‘qituvchilar orasida katta yoshlilar ko‘p ekanini ta’kidlab, ular ehtiyotkor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“So‘nggi yillarda bo‘lgan o‘zgarishlar bilan pensiyaga chiqqan o‘qituvchilarning ko‘pchiligi tajribali ekani hisobga olinib, maktablarga qaytarilgan edi.
Hozir yarim millionga yaqin o‘qituvchilarimizning 20 mingdan ortig‘i pensiya yoshidagi o‘qituvchilar hisoblanadi. Va ular koronavirusning xavf guruhiga kiradi”, dedi vazir.
Vazir yuqumli kasalliklar mavsumi yaqinlashganini qo‘shimcha qilib, o‘qituvchilarni emlash bo‘yicha ko‘rsatma bo‘lganini aytib o‘tdi.
“Koronavirusdan tashqari o‘tkir respirator kasalliklar mavsumi ham yaqinlashmoqda. O‘qituvchilarni birinchi navbatda bu kasalliklarga qarshi emlash masalasi ham oldimizga qo‘yilgan”, dedi Sherzod Shermatov.
Eslatib o‘tamiz, maktablarda mashg‘ulotlarni 14 sentyabrdan to‘liq boshlash rejalashtirilyapti. O‘qish gibrid shaklda, ya’ni maktabda ham, onlayn shaklda ham olib borilishi mumkin.
LiveBarchasi