Maktablarda maxsus avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi 

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi maktablarga o‘quvchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishga zarurat bor. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

“Koreya tajribasi asosida maktab yonidan o‘tgan yo‘lning 300 metr masofasida transport vositalarining harakatlanish tezligining yuqori chegarasini 30 km/soat etib belgilash taklif etilyapti. Bundan tashqari, maktablarga o‘quvchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishga zarurat bor”, deydi vazir.

Po‘lat Bobojonovga ko‘ra, 380 ta umumta’lim maktabida yo‘l harakati qoidalarini o‘qitish bo‘yicha maxsus sinfxonalar, yana 167 ta maktabda yo‘l harakatini o‘rgatish maydonchalari tashkil etilgan. Mazkur sharoitlardan foydalanib, maktablarda o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha zaruriy tushunchalar berilmoqda. Yo‘llarda o‘zini xavfsiz tutish yuzasidan ko‘nikmalar shakllantirilmoqda. Lekin mazkur ishlar bilan respublikadagi faqat 4 foizgina maktablar qamrab olingan, xolos.

“Shuning uchun barcha maktablarda maxsus sinfxonalar tashkil etilib, “Yo‘l harakati xavfsizligi” bo‘yicha alohida fan kiritish taklif qilinmoqda. Turkiya tajribasidan kelib chiqib, yo‘l harakati qoidalariga moslashtirilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi” istirohat bog‘larini tashkil qilish rejamiz bor”, deya ta’kidladi vazir.

Po‘lat Bobojonovning aytishicha, har yili O‘zbekiston yo‘llarida 10 minggacha avtoavariya sodir etilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili YTHlar oqibatida 965 nafar piyoda vafot etgan, shundan 263 nafari bolalar.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Po'lat Bobojonov

Baholaganlar

138

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing