Maktablarda 1-sinfga qabul qachondan boshlanishi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
08 iyun 2021
8366Joriy yilning 15 iyunidan O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul boshlanadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshiriladi. Jarayon 2 bosqichda bo‘ladi:
Birinchi bosqichda ota-onalar 2021 yilning 15 iyunidan 5 iyuliga qadar my.maktab.uz elektron plaftormasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydilar.
Bunda ota-onalarga 3 ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi. Birinchi maktab-ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan hududdagi maktab, ya’ni yashash manzili biriktirilgan mikrohududdagi maktab;
Ikkinchi va uchinchi maktablar - ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarini qatnashi uchun qulay bo‘lgan maktablar.
Ikkinchi bosqichda 2021 yilning 6 iyulidan 31 iyulga qadar ota-onalar elektron plaftorma orqali tanlagan birinchi maktabga, ya’ni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradilar, bunda hujjatlarni topshirish to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Ota-onalarning doimiy yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashishlari kafolatlanadi.
Agar ota-onalar mikrohudduddagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan bo‘lsa, ya’ni elektron ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida bo‘sh o‘rinlar bo‘lgan taqdirda 1-15 avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin bo‘ladi.
Qolgan hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)lari) umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul an’anaviy shaklda, ya’ni bevosita maktabda amalga oshiriladi.
Qabul an’anaviy shaklda amalga oshiriladigan hududlarda ota-onalar bevosita 2021 yilning 15 iyundan -15 iyulga qadar doimiy yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarini 1-sinfga joylashtrish uchun hujjatlarini topshirishlari mumkin.
Shuningdek, 16 iyuldan - 15 avgustga qadar ota-onalarga ixtiyoriy tanlov asosida boshqa maktablarga, ya’ni mikrohududiga kirmasa ham bo‘sh o‘rinlar bo‘lsa, farzandlarini 1-sinfga qabul qilish uchun boshqa maktabga hujjatlarini topshirish imkoniyati beriladi.
Eslatib o‘tamiz, “Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonunning 9-moddasiga asosan yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi (2014 yil 1 yanvaridan 31 dekabrigacha tug‘ilgan bolalar).
Mazkur qonun talablari boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, ya’ni nodavlat xususiy barcha ta’lim muassasalari uchun ham majburiydir.
Umumta’lim maktablariga biriktiriladigan mikrohududlar mahallalarning joylashuvi va aholining demografik o‘sishini inobatga olgan holda tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida belgilanadi.
Hududlarda yangi uy-joylarning qurilishi yoki ma’muriy hududiy chegaralarning o‘zgarishi sababli tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim maktablariga biriktirilgan mikrohududlar qayta o‘zgartirilishi mumkin.
LiveBarchasi