Maktablar akkreditatsiyadan o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Bugun, 26 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi sifatini yaxshilash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda ta’lim sifatini oshirish uzluksiz jarayon ekani urg‘ulanib, shu maqsadda kilinadigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda hududlardagi 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan. Natijada ilg‘or xorijiy tajriba asosida vaziyatni tahlil qilish, muammoni yechish, jamoada ishlash kabi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizga yetkazilgan.

“Kelgusi o‘quv yiliga qadar ushbu baholash tizimini xalqaro testologiya mezonlariga moslashtirish zarurligi aytildi. Maktablarning o‘zi ham akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Bu xalqaro baholash mezonlarini milliy tizimga joriy qilish, maktablarni boshqarish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Pedagoglarning bilim va mahorati masalasiga e’tibor qaratilar ekan, Malaka oshirish markazlari eskicha ishlayotgani, ilmiy salohiyati yuqori emasligi qayd etilgan. Shu bois 14 ta hududdagi bunday markazlarni faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish dasturlarini joriy etish vazifasi qo‘yilgan.

Shuningdek, maktablarda xorijiy til bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalarini bu bilan uyg‘unlashtirish zarur ekani ta’kidlandi. Xorijiy tilni intensiv tarzda o‘rgatish amaliyotini ham kengaytirish lozimligi aytildi.

Bundan tashqari, xususiy maktablar uchun litsenziya talablarini yanada soddalashtirish, kredit, soliq va kommunal to‘lovlardan qo‘shimcha yengilliklar berish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Mutasaddilarga ta’lim tashkilotlari faoliyati va ta’lim sifati monitoringi platformasini ishga tushirishga topshiriq berildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ta’limning barcha bo‘g‘inlarida islohotlarni yagona konsepsiya asosida amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi tashkil qilinadi. U bog‘cha, maktab, kasbiy hamda oliy ta’limda o‘quv standarti va dasturlarini ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.

O‘z navbatida, davlat rahbari maktablar faoliyatida mahalla raisi va faollarining o‘rni katta bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Mahalladagi muhit, aholi bandligi ko‘p jihatdan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq. Shunday ekan, mahalla raisi ota-onalar bilan birga maktablar hayotida faol qatnashishi, yoshlarning bilimi va kasb egallashiga e’tiborli bo‘lishi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev maktab

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing