Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqiladi
Jamiyat
−
16 may 2023
4011Bugun, 16 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda mamlakatdagi 30 mingga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2 milliondan ziyod o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. So‘nggi besh yilda 422 ta davlat bog‘chasi qurilishi hamda 21 mingdan ortiq nodavlat muassasalar ochilishi hisobiga 1 million 200 ming o‘rin yaratilgan. Tizimga bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi 72 foizga yetgan.
Shu bilan birga, joylarda o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda aholi bog‘chalarni yanada ko‘paytirish istagini bildirgan. Shunga asosan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktabgacha ta’lim jarayonini yangi tartibda tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Taqdimotda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bog‘chalarda sifat va qamrovni oshirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy qilish choralari haqida axborot berilgan. Xususan, aholisi zich yoki qamrov ko‘rsatkichi past bo‘lgan hududlarda yangi davlat bog‘chalari quriladi hamda xususiy sektor kengaytirilishi belgilangan. Kam quvvatda ishlayotgan maktablarda esa tayyorlov guruhlari tashkil etilishi aytilgan.
Shuningdek, Mirziyoyev bu soha ayollarga yengillik yaratish va farzandlar tarbiyasida muhim ekaniga alohida e’tibor qaratgan.
Mutasaddilarga ta’lim sifatini yaxshilash, dasturlarni takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan. Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.