Maktab o‘quvchilari orasida koronavirus yuklamasini kamaytirish yo‘llari aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2020-2021 o‘quv yilini 14 sentyabrdan boshlash belgilandi. O‘qish an’anaviy va masofaviy shaklda boshlanyapti. Bolasini maktabga yuboradigan ota-onalarda sinfxonada koronavirus tarqalishi ehtimoli ortib ketmaydimi degan xavotir paydo bo‘lgan. Ular buning oldini olish uchun nimalar qilish kerakligiga qiziqmoqda.

Bu savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligining Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi.

“Eng avvalo, har bir ota-ona shuni tushunishi kerak-ki, bola va o‘zlari uchun eng xavfsiz muhit - bu xonadon hisoblanadi. Uydan tashqariga chiqdingizmi, kasallik yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘ladi

Maktablarga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘qishga borgan bolalar soni ko‘proq bo‘ladi, bizga ma’lumki, uydan tashqarida 2-3 kishidan ortiq odamlar bo‘lsa kasallik yuqtirib olish xavfi yuqori”, deydi Ubaydullayeva.

SSV tomonidan maktablarda bolalarni xavfsiz ta’lim olishi uchun belgilangan talablar quyidagilar:

•    sinflarda dars o‘tish jarayonida bolalar niqoblarda bo‘lishi;

•    niqoblar har 2-3 soatda almashtirilishi;

•    bolalar orasida 2 metrdan ortiq masofani saqlash;

•    qo‘llarni sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish imkoniyatini yaratilishi shart.

“Agar bolalarning oilalarida kasallangan bemor bo‘lsa, bunday holatda ular kasallik tashuvchisi bo‘lishi mumkin.

Bir sinfda o‘tirgan bolalar 45 daqiqa dars davomida, kun buyi 3-4 ta fan o‘tilsa, albatta, virus yuklamasi ko‘payishi mumkin. Bunday holatlarda xonalar kuniga 3-4 martadan ko‘p shamollatilishi kerak”, deydi vazirlik vakili.

Qayd etilishicha, har kun yakunida xonalar va yo‘laklar dezinfeksiya vositalari qo‘shilgan eritmalar bilan dezinfeksiyalanadi.

“Agar bolalarning barchasi belgilangan sanitariya qoidalariga rioya qilishsa virus yuklamasi kamayadi. 

Shuningdek, maktabda yoki uyga kelishi bilan imkon qadar tez-tez tomoq chayib turilsa – virus yuklamasi yanada kamayishi mumkin”, dedi Sevara Ubaydullayeva


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda makab

Baholaganlar

173

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing