Maktabda karta o‘ynagan o‘quvchilarning ota-onasi jazolandi
3-sahifa
−
11 dekabr 5085 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi 33-umumta’lim maktabi o‘quvchilari maktabda karta o‘ynagani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, o‘rganish natijasida joriy yilning 28 noyabr kuni 11-“A” sinfning 7 nafar o‘quvchisi 5-soat dars mashg‘uloti tugagandan so‘ng sinf xonasida karta o‘ynagani, ular shu sinf o‘quvchisi tomonidan videoga olingani aniqlangan.
Xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, lavozim vazifalarini lozim darajada bajarilmagani, jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga lavozim maoshining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan hamda 11-“A” sinf rahbari sinf rahbarligi vazifasidan ozod etilgan.
Bundan tashqari, Davlatobod tumani IIB tomonidan farzand tarbiyasiga befarqligi hamda nazoratsiz qoldirgani, e’tiborsizlik qilgani uchun ota-onalarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarima qo‘llanilgan.
“Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur holatni qat’iyan qoralaydi hamda bunday qonunbuzarliklarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida o‘quv intizomi va tarbiyaviy talablar yanada kuchaytirilishi bo‘yicha aniq choralar ko‘rilganini ma’lum qiladi. O‘quvchi tarbiyasi va intizom borasida har qanday loqaydlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi bildiriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilarni kitob bilan urgan o‘qituvchi ishdan olingandi.