Yakkabog‘da o‘quvchilarni polga o‘tqazib, dars o‘tgan o‘qituvchilar jazolandi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2021
7608Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Yakkabog‘ tumanidagi maktabda bolalar polda o‘tirgan holda darsda qatnashayotgani aks etgan videolavha tarqalgandi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mazkur holatga izoh berib, maktabning ayrim o‘qituvchilari ataylab bu ishni qilishgani haqida aytgandi.
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi Yakkabog‘dagi maktabda sodir bo‘lgan holat yuzasidan o‘rganish natijalarini e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yakkabog‘ tumani, “Qayrog‘och” MFYda joylashgan 39-sonli umumta’lim maktab binosi 420 o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 1974 yilda qurilgan. Maktab binosini ta’mirlash uchun 2021 yilda 3 mlrd. 102 mln. 400 ming so‘m ajratilgan, qurilish-ta’mirlash ishlari “Avangard gidro-ekspress” MCHJ tomonidan olib borilib, joriy yilning 10 sentyabr kuni yakunlangan.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktab binosiga qurilish ishlari yakunida 27 ta sinfxona uchun 405 ta parta, direktor, uning o‘rinbosari xonalariga 1 to‘plamdan hamda o‘qituvchilar xonasiga 2 to‘plamdan zaruriy jihozlar yetkazib berilishi belgilangan bo‘lib, qurilish ishlari yakuni bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilayotgani sababli, 8 sentyabrga qadar jihozlar yetkazib berilmagan. Shu sababli, maktab ma’muriyati tomonidan eski jihozlardan foydalanib, o‘quv yili boshlangan.
O‘rganishda umumta’lim maktabiga barcha zaruriy jihozlar yetkazib berilishi ta’minlandi. O‘qituvchilar N.S. va O.S.ning maktab direktori bilan dars taqsimoti masalasida yuzaga kelgan kelishmovchiligi sababli, o‘quv yili boshlangan kunlari maktabda mavjud jihozlangan xonalarda dars o‘tish imkoniyati bo‘la turib, maktab ma’muriyatining tashkiliy masalalardagi kamchiliklarini ijtimoiy tarmoqlarda bo‘rttirib ko‘rsatish maqsadida 5 “a”-sinf o‘quvchilariga partalar joylashtirilmagan xonada dars o‘tilgan.
O‘qituvchilar N.S. va O.S. ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishga uringanlari uchun ularga maktab pedagoglari va kasaba uyushma a’zolarining qo‘shma yig‘ilishi qarori bilan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan.
Shuningdek, tekshiruv natijasi bo‘yicha maktabning o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish va o‘quv jarayonini to‘g‘ri tashkil qilishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan maktab direktori Sh.Q., o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.X. va xo‘jalik mudiri J.J.ga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi