Maktab direktorlari yangi tizim bo‘yicha tayinlanadi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2020
168472021 yil 1 yanvardan xalq deputatlari tuman(shahar) Kengashlari maktab direktorlarini tanlovdan o‘tkazadi. Bu haqda AOKAda O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasini rivojlantish masalasida qabul qilinishi kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, umumta’lim maktablari direktorligiga nomzodlar tanlovda kelgusi uch yillik dasturi bilan ishtirok etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlab olingan nomzodlar maktab direktorlari vazifasida faoliyatini olib boradi. Shuningdek, umumta’lim muassasasi direktori xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga dasturning ijrosi yuzasidan hisobot beradi va baholanadi.
Bundan tashqari, umumta’lim maktablari direktorlariga intizomiy jazo qo‘llash va lavozimidan ozod etish ham xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimdagi nutqida maktab direktori, uning o‘rinbosari, sinf rahbari, o‘qituvchining maqomi aniq belgilanishi lozimligini ta’kidlagan edi.
Davlat rahbari, shuningdek, maktab direktoriga qo‘yiladigan talablar, uning asosiy vazifalari va faoliyatini baholash mezonlari hamda hisobot berish tartibini belgilash zarurligini aytgandi.
"Maktab direktori lavozimini tanlov asosida, maktabni kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi dasturga ega nomzod egallashi kerak. Endi maktab direktori yil yakuni bo‘yicha dastur ijrosi haqida mahalliy kengashda hisobot beradi va uning faoliyatiga xalq vakillari tomonidan ochiq-oydin baho berib boriladi. Maktab direktoriga intizomiy jazo berish va uni lavozimidan ozod etish masalalari ham mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi zarur", degan edi Prezident.
Farrux Murodqulov
LiveBarchasi