Maksim Galkindan “Ukraina moliyalashtiruvchi xorijiy agent” maqomini olib tashlash rad etildi
Madaniyat-san’at
−
03 iyun 2023
7237Moskvaning Zamoskvoretskiy sudi rossiyalik teleboshlovchi va so‘z ustasi Maksim Galkinning Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi tomonidan berilgan “Ukraina moliyalashtiruvchi xorijiy agent” maqomini olib tashlash talabi da’vosini rad etdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.
Sud zalida “Da’volarni qondirish rad etilsin”, deya qaror qilgan sudya.
Galkinning suddagi vakili uning siyosiy arbob emasligini va chet el agenti maqomi uning so‘z erkinligi va kamsitilmaslik huquqini buzayotganini aytgan.
“Uning chiqishlari mavzularini hech kim belgilamaydi, bu siyosiy kinoya, u o‘zini qiziqtirgan mavzularda gapiradi. Uning shaxsiy fikri siyosiy faoliyat bo‘lishi mumkin emas”, degan huquqshunos.
Shuningdek, so‘z ustasi vakilining aytishicha, uning chet el haqidagi chiqishlari uni xorijiy manbalar qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatmaydi.
Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi vakilining aytishicha, Galkin tomonidan joylashtirilgan materiallar tahlili uning siyosiy faoliyatini aniqlagan. Bu ma’lumot Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarmasi va Roskomnadzor tomonidan taqdim etilgan. Departament vakili, shuningdek, Galkin chet el ta’siri ostida ekanini qo‘shimcha qilgan.
Sudda Galkinning ijtimoiy tarmoqdagi videolari ham namoyish etilgan. Ularda Galkin Rossiya siyosati va odamlarni himoya qilish, mamlakat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, tahdidni bartaraf etish uchun Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlarini qoralagani aks ettirilgan va siyosiy mavzudagi nutqlari joy olgan konsertlaridan parchalar ham keltirilgan. Videolardan birida teleboshlovchi Avstriya jamg‘armasi haqida gapirib, odamlarni ushbu fondga pul o‘tkazishga da’vat etgan va uning faoliyati faqat insonparvarlikdan iborat ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya Adliya vazirligi Maksim Galkinni xorijiy agent sifatida faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslar reyestriga kiritgan. Hujjatda “Siyosiy faoliyatni amalga oshirish”da xorijiy moliyalashtirish manbai sifatida Ukraina ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning sentyabr oyida Maksim Galkin Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi tomonidan o‘zining “Ukraina moliyalashtiruvchi xorijiy agent” deb topilishiga munosabat bildirgan edi. O‘shanda Galkin o‘n yildan buyon Ukrainadan pul olmasligi, qolaversa, u siyosatchi emas, siyosiy hazillar aytuvchi qiziqchi ekanini eslatib qo‘ygan.