Makronning Pekinga safari Yevropa va AQSH o‘rtasidagi kelishmovchilikni ko‘rsatdi – “The Hill”

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 5-7 aprel kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan borgani Yevropa va AQSH rasmiylari o‘rtasida Pekin bo‘yicha davom etayotgan kelishmovchilikni ko‘rsatdi. Bu haqda bugun, 8 aprel kuni “The Hill” nashri xabar berdi.  

Manbaga ko‘ra, oliy darajadagi muzokaralar AQSH va Yevropa o‘rtasida Xitoy bilan qanday munosabatda bo‘lish borasida o‘sib borayotgan keskinlikni ko‘rsatgan. 

Ma’lumki, Makron Xitoy rahbari Si Szinpinni Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik o‘rnatishda muhim rol o‘ynashga ko‘ndirmoqchi edi. Jo Bayden ma’muriyati esa Pekin dunyoni Xitoy avtoritar modeliga ko‘ra o‘zgartirishga intilayotganidan xavotir bildirgandi. Ko‘pchilik buni AQSH va Yevropa o‘rtasidagi Xitoy bilan qanday munosabatda bo‘lish borasidagi tafovutlar deb hisoblaydi.

Makronning Xitoyga safari Tayvan rahbari Say Invenning AQSHga borgani bilan taqqoslanadi. 5 aprel kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti Say Inven bilan uchrashgan. Amerika tomoni Tayvanga qurol sotishni davom ettirish zarurligini e’lon qilganidan keyin Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu borada norozilik bildirib, Pekindan vaziyatga nisbatan qat’iy javoblar berilishini bildirgan.

Makronning ishbilarmon doiralarning o‘nlab vakillari hamrohligidagi tashrifi esa Fransiyaning Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish, balki mustahkamlash istagini ko‘rsatgan.

Biroq Xitoy bilan munosabatlarda Yevropaning o‘zida ham ichki bo‘linish bor. Xususan, Makronga hamrohlik qilgan Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Xitoyga nisbatan  shafqatsizroq pozitsiyani egallagan va Yevropa Xitoy bilan iqtisodiy munosabatlarida xavflarni kamaytirishi kerakligini aytgan. Bunday yondashuv esa Fransiya va Germaniya pozitsiyasidan uzoqlashgan Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga yaqinroq ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidentining Xitoyga davlat tashrifi 5-7 aprel kunlari bo‘lib o‘tgandi. 6 aprel kuni Si Szinpin va Makron o‘rtasidagi muzokaralarning rasmiy qismi bo‘ldi, unda Pekin va Parij o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, Xitoy va Yevropa Ittifoqi munosabatlari, shuningdek, Ukraina inqirozi muhokama qilindi. Makronga Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen hamrohlik qildi, biroq u ko‘pincha ikkinchi planga tushub qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa Xitoy Si Tszin'pin Ursula fon der Lyayen Tayvan' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing