Makron Putinni “Faxriy legion” ordenidan mahrum qilishi mumkin
Olam
−
10 fevral 2023
7115Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni “Faxriy legion”ning Buyuk xoch ritsarlari unvonidan mahrum qilishi mumkin. Bu haqda “Le Point” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Makron bugun, 10 fevral kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi sammiti yakunlanganidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida Putinni ordenga mansublikdan mahrum qilish “ramziy, ammo muhim masala” ekanini aytgan.
“Men uchun hech qanday taqiqlar yo‘q, lekin men hali bunday qarorga kelmadim. Bu kabi qarorlar har doim ma’noga to‘la va menimcha, biz ularni qabul qilish uchun to‘g‘ri vaqtni topishimiz kerak”, degan Fransiya rahbari.
Ma’lumot uchun, Putin Fransiyaning eng oliy mukofoti – “Faxriy legion”ning Buyuk xochi ordenini 2006 yilda olgan. Uni Rossiya rahbariga Fransiya sobiq Prezidenti Jak Shirak sovg‘a qilgan. Bu orden 1802 yilda Fransiya imperatori Napoleon Bonapart tomonidan aholi va harbiy xizmatchilarni tinchlik va urush davridagi xalq oldidagi xizmatlari evaziga mukofotlash uchun ta’sis etilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Parijga tashrifi chog‘ida Makron tomonidan “Faxriy legion” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi