Makron namoyishlarga parvo qilmayapti. Yangi qonun yil so‘nggigacha kuchga kiradi

Olam

image

Bugun, 22 mart kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mahalliy telekanalning jonli efirida chiqish qilib, pensiya yoshini oshiradigan qonun zarurligini va yil oxirigacha u kuchga kirishini aytdi.

“Sizningcha, bu islohot menga yoqadimi? Yo‘q. Ammo hisob-kitoblarni muvozanatlashning yuzta usuli mavjud emas... bu islohot zarur”, degan Makron.

Ta’kidlash joizki, hukumat pensiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini ovoz berishsiz ilgari surguniga qadar, pensiya yoshini 64 yoshga ko‘tarishni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga qarshi kasaba uyushmalari tomonidan norozilik namoyishlari uyushtirilgan, unda ko‘pchilik qatnashgan edi. Ammo o‘tgan haftada hukumat parlamentdagi ovoz berishni kutmasdan qonunni qabul qilishga qaror qilganidan beri Parij va boshqa shaharlarda namoyishchilar har kecha politsiya bilan to‘qnashib, axlat qutilari va barrikadalarni yondirib yubormoqda. Xususan, bugun, 22 mart kuni ham namoyishchilar janubiy Nitsa va Tuluza shaharlaridagi temir yo‘l vokzallarini to‘sib qo‘ydi. 

So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, fransuzlarning katta qismi pensiya qonunchiligiga, shuningdek, hukumatning qonun loyihasini o‘tgan hafta ovoz berishsiz parlamentdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga qarshi. Kasaba uyushmalari esa ertaga, 23 mart kuni yana bir umummilliy ish tashlash o‘tkazishini e’lon qilgan.

“Men Makronning nutqidan ko‘p narsa kutmayman. Biz bu qonunni xohlamaymiz va u qaytarib olinmaguncha kurashamiz”, deydi Parijdagi mitingda qatnashayotgan nafaqaxo‘r Jak Borensteyn.

Eslatib o‘tamiz, pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ortidan nafaqat Parij, balki butun Fransiyada 8 marta norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa mamlakatda pensiya yoshini oshirish zaruratini umr ko‘rish davomiyligi va pensionerlar soni oshishi bilan izohlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Emmanuel' Makron pensiya islohoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing