Makron Qozog‘istonning vassal bo‘lishdan bosh tortganini olqishladi – “France24”

Olam

image

Fransiya Qozog‘istonga mamlakat suverenitetini mustahkamlash uchun Ground Master 400 havo hujumidan mudofaa radar tizimlarini yetkazib beradi. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ostonaga tashrifi chog‘ida ma’lum qilgan. Uning so‘zlarini “France24” nashri keltirmoqda.

Qayd etilishicha, Fransiya rahbari mamlakatning Qozog‘iston bilan hamkorligini mustahkamlash, to‘ldirish va tezlashtirish istagida ekanini bildirgan. Makron shimolda Rossiya va sharqda Xitoy bilan chegaradosh Qozog‘istonga geosiyosiy bosim bo‘layotganini aytgan.

“Buyuk davlatlar gegemon bo‘lishni xohlayotgan, mintaqaviy davlatlar esa oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib qolgan dunyoda men siz duch kelishingiz mumkin bo‘lgan geosiyosiy qiyinchiliklar, bosimlar va ba’zan zarbalarni kam baholamayman”, deydi Makron Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga.

Bundan tashqari, Fransiya Prezidenti “Qozog‘istonning vassal bo‘lish yo‘lidan bosh tortganini” olqishlagan.

O‘z navbatida, To‘qayev Fransiya o‘z mamlakatining Yevroittifoqdagi asosiy va ishonchli hamkori ekanini va ularning hamkorligiga qo‘shimcha turtki bermoqchi ekanini aytgan.

“Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, Yevropada iste’mol qilinadigan yadro yoqilg‘isining chorak qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi”, deydi To‘qayev.

Fransiya Qozog‘istondagi eng yirik xorijiy investorlar bo‘yicha Xitoydan oldin beshinchi o‘rinda turadi, buning asosiy sababi, energetika giganti TotalEnergies kompaniyasining Qashag‘on dengizidagi neft konini o‘zlashtirishning yirik loyihasidagi ishtiroki tufayli.

Ground Master 400 turli balandlikdagi nishonlarni, hatto kichik uchuvchisiz uchish apparatlarini ham aniqlashni ta’minlovchi keng diapazonli zenit radaridir. Tizim 20 futlik standart konteyner o‘lchamidagi bitta konteynerda joylashgan va og‘irligi 10 tonnadan kam. Instrumental masofa - 470 km, aniqlik - 50 m.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 noyabr kuni Fransiya rahbari Emmanuel Makron Qozog‘istonga tashrif buyurdi. U tashrifi davomida ushbu mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan qozoq milliy o‘yinini o‘ynagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Emmanuel' Makron Qosim-Jomart To'qaev Ground Master

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing