Makron Isroilni Livanda keskinlashuvdan qochishga chaqirdi
Olam
−
03 yanvar
5354Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroilni Bayrutda HAMAS harakati siyosiy byurosi raisi o‘rinbosari Solih al-Aruriy o‘ldirilishi ortidan “ayniqsa Livanda” keskinlashuvdan qochishga chaqirdi. Bu haqda Yelisey saroyi tarqatgan bayonotda so‘z bordi.
Bildirilishicha, Makron harbiy Vazirlar Mahkamasi a’zosi va Isroil Mudofaa vaziri Beni Gans bilan telefon orqali muloqot qilgan.
“Fransiya bu xabarlarni mintaqaga bevosita yoki bilvosita aloqador barcha sub’ektlarga yetkazishda davom etadi”, degan davlat rahbari.
Shuningdek, Makron tinch aholi orasidagi qurbonlar va G‘azo sektoridagi favqulodda gumanitar vaziyatdan chuqur xavotirda ekanini ta’kidlagan hamda Isroilning tinch aholini himoya qilish majburiyatlarini eslatgan.
Fransiya Prezidenti Falastin anklavining tinch aholisiga barqaror gumanitar yordam oqimini ta’minlash zarurligini aytib, mintaqaviy va xalqaro o‘yinchilar ko‘magida barqaror o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 yanvar kuni kechasi HAMASning Bayrutdagi idorasiga Isroilning hujumi oqibatida yetti kishi, jumladan harakatning siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Solih al-Aruriy halok bo‘lgandi. “Hizbulloh” Bayrutda sodir etilgan qotillik javobsiz qolmasligini aytdi va Livan bilan chegarada Isroilning uchta harbiy ob’ektiga zarba berdi.
O‘tgan yilning 27 dekabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatlashgandi. O‘shanda Makron Fransiya yaqin kunlarda Falastinga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish niyatida ekanini aytgandi.
LiveBarchasi