Makron Isroil Bosh vazirini insofga chaqirdi
Olam
−
28 dekabr 2023
12003Kecha, 27 dekabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda rasmiy Yelisey xabar berdi.
Unga ko‘ra, Makron Fransiya yaqin kunlarda Falastinga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish niyatida ekanini aytgan. Tez orada mamlakat Iordaniya bilan birgalikda Falastin hududida gumanitar operatsiyalarni amalga oshiradi.
Shuningdek, u Netanyaxuga G‘azodagi tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib borayotganidan o‘z xavotirini bildirgan.
Bayonotda keltirilishicha, Makron Isroil Bosh vaziriga tinch aholini himoya qilish majburiyatini eslatgan va zudlik bilan G‘azodagi tinch aholiga zarur yordam yetkazilishi kerakligini aytib o‘tgan.
"Biz xalqaro va mintaqaviy hamkorlar yordamida uzoq muddatli sulhga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz", degan Makron.
Fransiya rahbari, shuningdek, Isroilning yahudiy ko‘chmanchilarning falastinlik tinch aholiga nisbatan zo‘ravonliklarini to‘xtatish va G‘arbiy Sohilda yangi turarjoy qurish loyihalariga chek qo‘yish haqida gapirib, bu vaziyat ikki davlat uchun ham halokatli bo‘lishidan ogohlantirgan.
Bundan tashqari, u BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasining to‘liq bajarilishi muhimligini eslatgan.
Ma’lumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasi 2006 yildagi Livan urushini hal qilishga qaratilgandir. Rezolyutsiya Isroil va "Hizbulloh" o‘rtasidagi jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatishni, Isroil qo‘shinlarini Livandan olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi.
Rezolyutsiya 2006 yil 11 avgustda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi doirasida bir ovozdan ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida ham Makron Isroilni G‘azo sektorini bombardimon qilishni to‘xtatishga chaqirgan edi.