Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etdi
Olam
−
30 iyun 2023
4767Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Bryusseldagi Yevropa Ittifoqi sammitini tark etdi va undan keyin rejalashtirilgan matbuot anjumanini bekor qildi. Bu haqda “Agence France-Presse” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Makron politsiya 17 yoshli haydovchini otib qo‘yganidan keyin mamlakatni qamrab olgan tartibsizliklar munosabati bilan shtab yig‘ilishi o‘tkazishi mumkin.
Telekanalning qayd etishicha, Makronning Yevropa Ittifoqi sammitlarida ishtirok etmasligi juda kam uchraydigan hodisa.
Shuningdek, Uy-joy masalalari bo‘yicha vazir Olive Klaynga ko‘ra, Fransiya Prezidenti mamlakatda favqulodda holat e’lon qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Bo‘ysunishdan bosh tortgani uchun yigitga o‘q uzilgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.
Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun oqshomida namoyishlarning oldini olish uchun 40 ming politsiyachi safarbar etilgan. Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Tartibsizliklarning birinchi kechasida 150 nafar kishi hibsga olingandi. Hozirda hibsga olinganlar soni 650 nafarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitter'da marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
LiveBarchasi