Makron favqulodda Milliy mudofaa kengashini chaqirdi
Olam
−
29 Oktabr 2020
17062Fransiya Milliy mudofaa kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi Prezident Emmanuel Makronning tashabbusi bilan ertaga, 30 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bunga bugun, 29 oktyabr kuni Nitssa shahrida sodir bo‘lgan qotillik sabab bo‘lgan. Bu haqda Fransiya Bosh vaziri Jan Kasteks mamlakat parlamentining quyi palatasidagi chiqishida ma’lum qildi.
"Respublika hududida qilingan shafqatsiz hujumlar munosabati bilan Prezident ertaga ertalab Milliy mudofaa kengashini chaqiradi", deydi u. Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatda rasmiylar butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 oktyabr kuni Nitssa shahridagi Notr-Dam nomli mahalliy sobor yonida pichoq bilan qurollangan kishi odamlarga hujum qildi. Oqibatda uch kishi qurbon bo‘ldi. Ular orasida cherkov ruhoniysi ham bor. Qurol bilan tajovuz qilgan shaxs qo‘lga olingan.
Voqeani tekshirishga Fransiyaning Milliy aksilterror prokuraturasi jalb qilindi. Nitssa hujumidan ikki soat o‘tgach, yana bir tajovuzkor Avinon kommunasida ko‘chadan o‘tayotganlarni pichoq bilan qo‘rqitdi va politsiya patruliga hujum qilmoqchi bo‘ldi. Shu paytda qurollangan shaxs politsiya tomonidan otib o‘ldirildi.
Bundan tashqari, bugun Saudiya Arabistonining Jidda shahrida mahalliy aholi Fransiya konsulligi qo‘riqchisiga pichoq bilan hujum qilgan. Politsiya hujum qilgan shaxsni jinoyat joyida hibsga olgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni Parij yaqinidagi Konflan-Sent-Onorin komunnasida tarix fani o‘qituvchisi darsda o‘quvchilarga buyuk payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning "Charlie Hebdo" jurnalida chop etilgan karikaturasini ko‘rsatgan bois qotillik qurboni bo‘lgandi. Chechenistonda tug‘ilgan 18 yoshli Abdulak Anzorov o‘qituvchi Samyuel Patiga pichoq bilan hujum qilib, uning boshini tanasidan judo qiladi. Oradan ko‘p o‘tmay, politsiya qotilni otib tashlaydi. Ushbu voqea Makronning Islom olamiga qarshi bayonotlar bilan chiqishi va mamlakatda so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashiga sabab bo‘ldi.
LiveBarchasi